Ronalduni yig‘latgan o‘yin – Sport dayjesti
Tahlil
−
02 iyun
4775Bugun Ronalduni yig‘latgan o‘yin, Olimpiya jamoasiga chaqirilmagan Angliyadagi o‘zbek futbolchisi va Ramzan Qodirov tomonidan Chechenistonga taklif qilingan Nursulton Ro‘ziboyev haqida gaplashamiz.
Fayzullayev Rossiyada “Mavsum kashfiyoti” mukofotini qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Rossiyaning SSKA jamoasi safida to‘p suradigan futbolchi Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer ligasi tomonidan "Mavsum kashfiyoti" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb e’lon qilindi.
Bildirilishicha, Abbosbek Fayzullayev Moskvaning "Dinamo" klubi yarim himoyachisi Bitello va Samaraning "Krilya Sovetov" jamoasi hujumchisi Nikita Saltikovdan ovozlar soni bo‘yicha o‘zib ketdi.
“Menga ovoz bergan barchaga rahmat, bunday sovrinni qo‘lga kiritish juda yoqimli, men barcha jamoadoshlarim, murabbiylar va rahbariyatga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildiraman”, deydi Fayzullayev.
Ma’lumot uchun, 20 yoshli SSKA yarim himoyachisining Rossiya chempionati joriy mavsumidagi samarali harakatlari soni 11 taga yetgan, ya’ni Fayzullayev RPLda 4 ta gol urib, 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu natija uchun o‘zbekistonlik futbolchiga 21 ta o‘yin yetarli bo‘ldi.
Madrimovning raqibi WBC kamaridan mahrum qilindi
Amerikalik bokschi Terens Krouford endi Butunjahon boks kengashi (WBC) versiyasi bo‘yicha yarim o‘rta vazn toifasi chempioni emas.
Ayni paytda bokschining maqomi “ta’tildagi chempion” sifatida belgilangan. Krouford o‘tgan yozda Errol Spensni texnik nokaut bilan mag‘lub etib, WBC chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
3 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida 36 yoshli Terens o‘zbekistonlik Isroil Madrimovga qarshi ringga chiqadi. U profboksda 40 ta g‘alabasi (31 tasi nokaut bilan) qayd etgan. 29 yoshli Isroil Madrimov esa 11 ta jangda qatnashib, 10 tasida g‘alaba qozongan. Madrimov ishtirokidagi 1 ta jangda durang qayd etilgan.
Qodirov meni Chechenistonga taklif qildi – Nursulton Ro‘ziboyev
Joriy yilning 26 may kuni Toshkentga kelgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev bilan ham uchrashib, sportchini mashg‘ulot o‘tkazish uchun Chechenistonga taklif qildi. Bu haqda Ro‘ziboyevning o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Qodirov mendan UFC'da nechta jang o‘tkazganimni so‘rab, mashg‘ulot o‘tkazish uchun Chechenistonga taklif qildi va barcha sharoitlarni yaratib berishini aytdi. Avval Chechenistonga tez-tez mashg‘ulot o‘tkazgani borardim, Qodirov oxirgi paytlarda “Ahmat” klubiga kam borayotganimni eslatdi. Oybek Tursunov va Otabek Umarov ham kelgusi faoliyatimga omad tiladi”, deydi Ro‘ziboyev.
Ma’lumot uchun, Nursulton Ro‘ziboyev 2023 yil 1 iyulda UFC'dagi debyut jangini o‘tkazgan. U tashkilotdagi ilk to‘qnashuvida braziliyalik Bruno Ferreyrani mag‘lubiyatga uchratgan. Hozirga qadar sportchi tashkilotda 3 ta jang o‘tkazib. 2 ta g‘alabaga erishdi, 1 ta to‘qnashuvda esa imkoniyatni boy berdi.
IBA Olimpiada sovrindorlariga qancha mukofot puli berishini ma’lum qildi
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining boks bahslarida g‘olib bo‘lgan sportchilarga 100 ming dollar to‘laydi.
Oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchiga 50 ming dollar, uning milliy federatsiyasi va murabbiyiga 25 ming dollardan, Parij Olimpiadasi kumush medali sovrindoriga 25 ming dollar, yana 25 ming dollardan murabbiy va milliy federatsiyaga to‘lab beriladi. Bronza medali sohibi uchun 25 ming dollar ajratiladi, 12,5 ming dollar milliy federatsiya va murabbiy o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Chorak finalda mag‘lub bo‘lgan va beshinchi o‘rinni egallagan sportchilarning har biri 10 ming dollardan mukofot jamg‘armasiga ega bo‘ladi.
“Biz sportchilarni Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlari uchun taqdirlashda eng yaxshilaridan biri ekanligimizdan faxrlanamiz. IBA prezidenti sifatida men doimo sportchilarimiz yaxshi hayot kechirishi uchun kurashaman. Men 2024 yilgi o‘yinlarning yangi chempionlari, medallari va chorak finalchilarini sharaflash imkoniyatini intiqlik bilan kutyapman”, deydi IBA prezidenti Umar Kremlyov.
Ma’lumot uchun, Parij Olimpiadasi 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Superkubogi Qarshiga yo‘l oladigan bo‘ldi
29 may kuni Toshkent shahridagi Bunyodkor stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogining final bahsi bo‘lib o‘tdi. Hal qiluvchi o‘yinda Toshkentning "Paxtakor" klubi Qarshining "Nasaf" jamoasi bilan kuch sinashdi.
Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Dastlab 54-daqiqada "sherlar" a’zosi Dragan Cheran penaltidan gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, 84-daqiqada "ajdarlar" futbolchisi Sharof Muhitdinov uzoqdan zarba berib, hisobni tenglashtirdi.
Asosiy vaqt durang bilan yakunlangach, bosh hakam Aziz Asimov penaltilar seriyasiga ruxsat berdi. Futbol lotoreyalarida esa qarshiliklarning qo‘li baland keldi.
Shunday qilib, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida uchinchi marta O‘zbekiston Superkubogiga ega chiqdi.
Muhammadali O‘rinboyev Olimpiadada qatnashadimi?
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi va Angliyaning “Brentford” klubi a’zosi Muhammadali O‘rinboyev hozirgacha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasidan hech qanday chaqiruv olmagan. Bu haqda uning o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Har bir futbolchi Olimpiadada ishtirok etishni niyat qiladi. Men ham bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmagan bo‘lardim, biroq hozircha menga Olimpiya terma jamoasidan chaqiruv bo‘lmadi”, deydi O‘rinboyev.
Ma’lumot uchun, 19 yoshli Muhammadali O‘rinboyev joriy yilning yanvar oyidan buyon “Brentford B” klubida to‘p tepadi. Hozirga qadar O‘rinboyev o‘rinbosarlar tarkibida bir nechta o‘yinda maydonga tushib, gol va assistlar qayd etishga ulgurdi.
Ronalduni yig‘latgan o‘yin. “Al-Nasr” Qirol kubogini boy berdi
1 iyunga o‘tar kechasi “Al-Hilol” va “Al-Nasr” jamoalari to‘qnash kelgan Saudiya Arabistoni Qirol kubogining final uchrashuvi yakuniga yetdi. O‘yin Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi “King Abdullah Sports City” stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham jamoalar g‘olibni aniqlay olmadi, ammo penaltilar seriyasida “Al-Hilol” omadliroq bo‘lib chiqdi (5:4).
Yettinchi daqiqada “Al-Hilol” hujumchisi Aleksandr Mitrovich uchrashuvda hisobni ochdi. 88-daqiqada “Al-Nasr” hujumchisi Ayman Yahyo hisobni tenglashtirdi. 56-daqiqada “Al-Nasr” darvozaboni David Ospina to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi. 87-daqiqada “Al-Hilol” himoyachisi Ali Al-Bulayhi ham maydondan chetlatildi. 90-daqiqada “Al-Hilol” himoyachisi Kalidu Kulibali ikkinchi sariq kartochka olib, maydonni tark etdi.
Mag‘lubiyatdan so‘ng “Al-Nasr” yulduzi Krishtianu Ronaldu ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
“Al-Hilol” ketma-ket 34 uchrashuvda g‘alaba qozonib, rasmiy jahon rekordini o‘rnatdi. Klub 2023 yil sentyabridan 2024 yil apreliga qadar barcha o‘yinlarda zafar quchdi va bu natija orqali riyodliklar Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi.
Qirol kubogi yarim final bosqichida “Al-Hilol” jamoasi “Al-Ittihod”ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘z navbatida, “Al-Nasr” jamoasi “Al-Xalij”ni 3:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Saudiya Arabistoni chempionatining joriy mavsumida jamoalar ikki marta to‘qnash kelgan. “Al-Hilol” birinchi davrada “Al-Nasr”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi o‘yinda esa tomonlar durangga imzo chekdi.
LiveBarchasi