Ronaldu o‘zini jinsiy zo‘ravonlikda ayblaganlardan pul undirmoqchi
Sport
−
30 iyun 2022
10436Portugaliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” klubi futbolchisi Krishtianu Ronaldu Nevada okrug sudi tomonidan jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha da’vo arizasi rad etilganidan so‘ng, Ketrin Mayorganing advokatidan taxminan 626 ming dollar undirmoqchi. Bu haqda “Associated Press” agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Ronalduning advokati Piter Kristiansen Nevada okrug sudyasi Jennifer Dorsidan Mayorganing himoyachisi Lesli Mark Stovallni shaxsan javobgarlikka tortishni va undan tegishli zararni undirishni so‘ramoqda. Stovall joriy yilning 8 iyuligacha ushbu da’vo yuzasidan sudga javob yuborishi kerak.
Qayd etish joizki, joriy yilning 10 iyun kuni sudya Dorsi Ketrin Mayorganing Ronalduga qarshi da’vosini rad etdi. Bunga sabab sifatida Stovall ishni o‘rganish jarayonida o‘g‘irilangan va maxfiy ma’lumotlardan g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalangani keltirilgan.
Ronaldu va Mayorga ishi bo‘yicha sud jarayoni 2018 yilning kuzida boshlangan. Amerikalik model portugaliyalik futbolchi uni 2009 yilda Las-Vegasdagi mehmonxonalardan birida zo‘rlaganini iddao qildi. Shuningdek, Ronaldu unga jim yurishi va bo‘lib o‘tgan voqealarni unutishi uchun 375 ming dollar berganini ham aytib o‘tgan. Krishtianu pul o‘tkazganini tasdiqladi, biroq zo‘rlash haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Avvalroq, sud Ronalduning foydasiga hukm chiqargani haqida xabar berilgandi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi