Ronaldu Saudiya Arabistoni klubiga o‘tishini rad etdi
Sport
−
07 dekabr 2022
9074Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi bilan kelishuv tuzmagan. Bu haqda Portugaliyaning “Record” nashri xabar berdi.
U “Al-Nasr” bilan shartnoma tuzilgani borasida berilgan savolga:
“Yo‘q, bu haqiqat emas”, deb javob bergan.
Ronaldu “Manchester Yunayted” bilan shartnomasini bekor qilgandan so‘ng erkin agentga aylandi. Bunga uning jurnalist Pris Morganga bergan shov-shuvli intervyusi sabab bo‘ldi. Ya’ni Ronaldu “Manchester Yunayted”dagi sharoitlardan tortib, bosh murabbiy Erik ten Xag haqida ham keskin fikrlarni bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniyaning “Marca” nashri portugaliyalik hujumchi “Al-Nasr” klubi bilan shartnoma bo‘yicha kelishib olgani va transfer 1 yanvar kuni amalga oshishi haqida xabar bergan edi. 2,5 yillik kelishuvning umumiy miqdori 200 million yevroni tashkil qilishi kutilgandi. Agarda Ronaldu ushbu taklifni qabul qilsa, dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchisiga aylanardi.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 37 yoshda va 2023 yilning 5 fevralida 38 ga kiradi. U 5 karra “Oltin to‘p” sohibi, 5 karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni, Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. Portugaliyalik futbolchi terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va “Real Madrid” tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi.
Hujumchi “Manchester Yunayted”ga 2021 yilning yozida kelib qo‘shilgan. Futbolchining “Yunayted”dagi dastlabki faoliyati 2003–2009 yillarga to‘g‘ri keladi. Krishtianu “Manchester Yunayted”dan tashqari Portugaliyaning “Sporting”, Ispaniyaning “Real Madrid” va Italiyaning “Yuventus” klublarida to‘p tepgan.
LiveBarchasi
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023