Ronaldu faoliyatini yakunlaydimi?

Sport

image

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu yaqin vaqt ichida o‘z kelajagi borasida qaror qabul qilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Jahon chempionatining 1/8 finalida Ispaniyaga qarshi uchrashuvdan (0:1) so‘ng gapirdi.

Kecha, 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan bahsda Portugaliya Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi. Uchrashuv arafasida 41 yoshli Ronaldu ushbu Jahon chempionati uning faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Uning Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi bilan amaldagi shartnomasi yana bir yilga mo‘ljallangan.

“Rostini aytsam, bu mening so‘nggi Jahon chempionatim edi. Qolgan masalalar bo‘yicha esa o‘ylab ko‘rish, oilam bilan vaqt o‘tkazish va shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmaslik uchun imkoniyatim bor”, deydi Ronaldu.

U Portugaliyaning musobaqani erta tark etganidan afsusda ekanini ham yashirmadi.

“Albatta, Jahon chempionatini shunday tarzda yakunlaganimdan xafaman. Lekin matbuot anjumanida ham aytganimdek, maydonda bor kuchimni sarfladim. Qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim va vijdonim toza. Bu futbol. Futbolchining hayoti shunday: ba’zan g‘alaba qozonasiz, ba’zan mag‘lub bo‘lasiz. Eng muhimi, oldinga intilishda davom etish”, deydi portugaliyalik futbolchi.

Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida besh marta Chempionlar ligasi, bir marta Yevropa chempionati va ikki marta UEFA Millatlar ligasida g‘olib chiqqan. Shuningdek, u milliy jamoalar safida, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi hamda Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.

Ronaldu 2022 yilning dekabridan buyon Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida to‘p surmoqda. Faoliyati davomida u Portugaliyaning “Sporting”, Angliyaning “Manchester Yunayted”, Ispaniyaning “Real Madrid” va Italiyaning “Yuventus” klublari sharafini ham himoya qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing