Ronaldu dardini doston qildi

Sport

image

"Manchester Yunayted"ning 37 yoshli hujumchisi Krishtianu Ronaldu Angliya chempionatida qishki tanaffus e’lon qilinganidan so‘ng OAVga intervyu berdi.

“Manchester Yunayted”da menga nisbatan xoinlik bo‘ldi. Klubning qoniqarsiz natijalarida aybdorga chiqarildim. Murabbiy va yana ba’zi shaxslar meni "MYU"dan ketishimni xohlashdi. Jamoaga kelishimdan oldin "Man Siti"dan ham taklif bo‘lgan edi, lekin ko‘nglim tushgan klubni tanladim. Ser Aleksning aytganini qildim. Kelib jamoada hech qanday o‘sishga intilish yo‘qligiga guvoh bo‘ldim”, deydi Ronaldu.

Krishtianuning “qizil iblislar” safiga ikkinchi marta kelishi futbolchi uchun ancha omadsiz bo‘ldi. Futbolchi shuningdek, “MYU”ning sobiq murabbiyi Ralf Rangnik va klub afsonasi Ueyn Runining tanqidlariga ham izoh berdi.

"Ralf Rangnik murabbiy emas, lekin u "Old Trafford"da bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bordi. Runi esa ehtimol nafaqaga chiqqani, men esa hamon yuqori darajada o‘ynayotganim uning g‘ashiga tekkandir", deydi u.

Avvalroq, klubning hozirgi ustozi Ten Xag va Ronaldu o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani xabar qilingandi. Portugaliyalik futbolchi niderlandiyalik mutaxassis haqida ham ochiq-oydin fikr bildirdi:

"Ten Xagni hurmat qila olmayman, chunki u meni hurmat qilmaydi. Ten Xag klubda muammolar borligini yaxshi bila turib, go‘yo bilmaganlikka oladi".

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Ronaldu "Manchester Yunayted" safida barcha turnirlar doirasida 16 ta uchrashuvda qatnashib, uchta gol va ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning klub bilan shartnomasi 2023 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ronaldu MYU

Baholaganlar

323

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing