Ronaldu hakamlar orasida yiqilishlari bilan mashhur edi – Mark Xalsi

Sport

image

Angliyalik futbol hakami Mark Xalsi 12 yillik tanaffusdan so‘ng, MYU safida dublga erishgan Krishtianu Ronaldu ishtirokidagi o‘yinlarni qanday o‘tkazganini aytib berdi. 

“Ronaldu hakamlar orasida yiqilishlari bilan mashhur edi. U har doim jarima zarbasini talab qilgan. Faoliyatim davomida uning o‘yinlarida 18 marotaba hakamlik qilganman, biroq ikkita uchrashuvni aniq eslayman. 

2007 yil dekabr oyi... “Enfild”da “Liverpul” – “Manchester Yunayted” o‘yinida qiziq holat yuz berdi. O‘yin boshlanishidan avval men tangani yon hakamga topshirdim. Ronaldu mening yonimda turgandi. Men unga arzimagan vaziyatda ham yiqilaversa hushtak chalmasligimni aytdim. Qiyinchilikka duch kelmaslik uchun avvaldan uni ogohlantirdim. U menga qaradi va jilmayib qo‘ydi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq atayin qilgandek, kontaktlardan birida yotib oldi va jarima zarbasi talab qildi. Men esa unga baqirib, aytganlarimni yana bir marta eslatdim. Ronaldu ipakka o‘xshardi”, deydi Xalsi.

Nafaqadagi hakam, Ronalduning yil sayin o‘sib borgani va xarakteriga ham to‘xtalib o‘tdi:

“Ser Aleks Fergyuson va uning jamoasi Krishtianuni “oyoqqa turg‘izish” uchun juda ko‘p mehnat qilganiga shubha qilmayman. O‘tgan yillar davomida portugaliyalikning jismoniy holati uni kuchli futbolchiga aylantirdi va APLga moslashdi.

FIFA referisi sifatida oxirgi xalqaro o‘yinim 2006 yil oktyabr oyida Portugaliya va Ozarbayjon terma jamoalari o‘rtasidagi Yevropa chempionati saralash bahsi bo‘ldi. O‘yindan so‘ng, Ronaldu hakamlar xonasiga kirib, o‘zining imzosi tushirilgan futbolka sovg‘a qildi va meni olqishladi. Men uning yaxshi yigit ekanligini tushundim. Premer liga bahslarida ko‘p tortishganimizga qaramay, doimo yaxshi munosabatda edik”.

Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu “Manchester Yunayted”da o‘tkazgan olti mavsumi davomida 292 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 118 marta ishg‘ol etgan. “Manchester Yunayted” bilan 3 marta APL chempionligi va Chempionlar ligasi oltin medalini qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

APL Manchester Yunayted Ronaldu Mark Xalsi

Baholaganlar

237

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing