Rodrigo “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuborishi mumkin
Sport
−
10 yanvar 799 1 daqiqa
“Real Madrid” vingeri Rodrigo Goes Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga qarshi bahsda maydonga tushmasligi mumkin. Bu haqda COPE xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, braziliyalik futbolchining son mushaklarida muammo aniqlangan. Og‘riqlar sababli u to‘liq mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmagan. Yaqin vaqt ichida Rodrigo tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda. Tekshiruv natijalariga qarab murabbiylar shtabi uning “El-Klasiko”da maydonga tushishi borasida yakuniy qaror qabul qiladi.
Shuningdek, “Qirollik klubi”ning yana ikki futbolchisi – Antonio Ryudiger va Raul Asensioning ham finalda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda.
Ma’lumot uchun, “Barselona” va “Real Madrid” o‘rtasidagi Ispaniya Superkubogi finali 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoaning yana bir yetakchi futbolchisi Kilian Mbappening ham “El-Klasiko”da maydonga tushishi mumkinligini aytgan edi.