Robot Useyn Boltning rekordini yangiladi (video)
Texnologiya
−
20:50 1171 2 daqiqa
Smartfonlar ishlab chiqaruvchi Honor kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Xitoyning Lightning nomli odamsimon roboti 100 metr masofani 9,32 soniyada bosib o‘tdi. Bu 2009 yilda Useyn Bolt tomonidan o‘rnatilgan erkaklar o‘rtasidagi jahon rekordidan (9,58 soniya) 0,26 soniyaga tezroq degani. Bu haqda Xitoy davlat televideniyesi xabar berdi.
Yugurish vaqtida robotning maksimal tezligi soniyasiga 14,5 metrga yoki soatiga qariyb 52 kilometrga yetgan. Musobaqa odamsimon robotlarning II Butunjahon o‘yinlari boshlanishi oldidan sinov tadbiri bo‘lgan.
O‘yinlar 22-26 avgust kunlari Pekinda, 2022 yilgi Olimpiada uchun qurilgan Milliy konkida uchish stadionida bo‘lib o‘tmoqda. Mezbonlik qilayotgan musobaqalarda 6 qit’aning 16 mamlakati va hududidan 666 ta jamoa vakili bo‘lgan 2056 ta robot ro‘yxatdan o‘tgan – bir yil avval o‘tkazilgan birinchi O‘yinlarda 280 ta jamoa ishtirok etgan, o‘sish 138 foizni tashkil etgan.
Dasturdan 51 ta musobaqa turi va 1301 ta alohida start o‘rin olgan. Robotar yugurish, futbol, yakkakurash, og‘ir atletika va raqs bo‘yicha bellashmoqda, shuningdek, amaliy vazifalarni bajarmoqda: yong‘inlarni o‘chirmoqda, mehmonxonalarda, ishlab chiqarishda va uy sharoitida ishlamoqda. Alohida yo‘nalishlarda ular printerga qog‘oz joylashi, muzokaralar xonasini tayyorlashi, shrederdan foydalanishi, buyumlarni saralashi va vintlarni burab mahkamlashi kerak bo‘ladi.
Tashkilotchilar mustaqil harakat qilish talablarini kuchaytirgan: deyarli barcha sport turlarida robotlar vazifalarni masofaviy boshqaruvsiz bajarishlari shart. O‘yinlarda 223 nafar hakam ishlamoqda, musobaqa turlari soni esa o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravarga ko‘paygan – 26 tadan 51 tagacha.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pemba nomli gumanoid robot Ekvadordagi Chimboraso vulqoni cho‘qqisiga muvaffaqiyatli chiqib, 6 200 metr balandlikdagi ushbu tog‘ni zabt etgandi.
Live
Barchasi