Birinchi Prezidentning nabirasi Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘radi
Olam
−
13 fevral 2020
16553Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi – Senat raisi Darig‘a Nazarboyevaning o‘g‘li Oysulton Nazarboyev Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘radi.
“Men Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘rayman. Mening so‘nggi 5 yilim kulrang chiziqlar bilan qoplangan. Odamlar aslida nima bo‘lgani va nima uchun ekanini bilib olish vaqti keldi”, deb yozadi Oysulton o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida.
Oysulton Nazarboyev o‘z so‘zlarini davom ettiribYu, oiladagi qiyin vaziyatlar haqida gapirdi:
“Bu safar ular meni tutib, zo‘rlik bilan psixotrop moddalarni kiritishdi va meni davolanish bahonasi bilan qamoqxonaga yuborishdi. U yerda men 14 oy yashadim”.
Kichik Nazarboyev Moskva yaqinidagi noqonuniy qamoqxonada 14 oy saqlangani, hibsdaligining 12-oyida onasi Darig‘a Nazarboyeva undan xabar olgani kelgani, oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya maxsus xizmatlari, xususan Alnur Musayev yordamida u yerdan chiqqanini aytadi.
“Mening qaynotam, men yordam bergan Qayrat Boranboyev ham mendan yuz o‘girdi. Olmaotaga kelganimdan keyin meni yana bir bor Nursulton Nazarboyev, xususan onam bilan uchrashtirishdi", deb yozadi Oysulton.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil oktyabrida Oysulton Nazarboyev Londonda politsiyachiga hujum qilgani uchun sinov muddati uchun hukm qilingan edi. Jazo sinov muddati, giyohvandlik bo‘yicha davolanish, jamoatchilik xizmati va jarimani o‘z ichiga olgan.
Giyohvand moddalar ta’siri ostida u politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan, ulardan birini urgan.
Oysultonning onasi – Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, ayni vaqtda mamlakat Parlamenti raisi Darig‘a Nazarboyeva. U allaqachon turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyev bilan ajrashgan. Aslida barcha voqealarning debochasi shu. Ular 2008 yilda ajrashishgan. Kuyov bo‘lmish Aliyev 2015 yilda Avstriya qamoqxonasida o‘lik holda topilgan. O‘shanda u “Nurbank”ning ikki nafar top-menejerini o‘ldirganlikda ayblangan. Qozog‘istonda unga hokimiyatni egallab olishga zimdan tayyorgarlik ko‘rish, jinoiy guruhga rahbarlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan va sirtdan 40 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Qozog‘iston Avstriyaga uning ekstraditsiyasi haqida ikki marta so‘rov yuborgan, ammo rad javobini olgan edi.
Oysulton Nazarboyev Britaniyaning qirollik harbiy akademiyasini bitirgan va Qozog‘istonning harbiy razvedkasida faoliyat olib borgan. U bolaligidan futbol ishqibozi bo‘lgan va bir vaqtlar Qozog‘iston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ham ishlagan. 2017 yilda u bobosi Muxtor Aliyev vafoti va otasining o‘z joniga qasd qilganidan keyin giyohvand moddalar iste’mol qilayotganini tan olgan.
2013 yilda Oysulton Nazarboyev “QozRosGaz” rahbari Qayrat Boronboyevning qiziga uylangan. Ularning bir nafar qiz farzandi bor.
Sobiq sovet mamlakatlarining Birinchi Prezidentlari oila a’zolari, nabiralari orasida tilga tushgan ikkinchi shaxs Oysulton Nazarboyev bo‘ldi. Bundan avval O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov BBC va boshqa ko‘plab ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan, ijtimoiy tarmoqlar orqali oila sirlarini tashqariga olib chiqqan, opa-singillar Gulnora va Lola munosabatlarini tahlil qilgan va ular orasidan olamushuk o‘tishida bobosini ayblagan edi.
LiveBarchasi