Rita French O‘zbekistonda inson huquqlari ta’minlanishi qay ahvoldaligiga baho berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat qanday? Gender tenglikni ta’minlash va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha olib borilgan ishlar natija berdimi? Og‘riqli mavzu bo‘lgan so‘z va matbuot erkinligi tashqaridan qaraganda ham bormi? Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo‘yicha Elchisi Rita French O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda yuqoridagi masalalar bo‘yicha munosabat bildirdi. 

Onlayn-uchrashuv kecha, 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlou ham ishtirok etgan.

Tomonlar inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni tatbiq etishdagi ustuvorliklarni, ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan. 

Elchi Rita French mazkur sohada ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinganini qo‘llab-quvvatlagan

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni ta’minlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, qonunchilikni yangilash bo‘yicha ishlar ham ijobiy baholangani aytilmoqda.

Senat Matbuot xizmatining yozishicha, Rita French O‘zbekistonni BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga saylangani bilan qutlab, Britaniya tomoni Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan. 

Rita French O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishda qisqa muddatda erishgan yutuqlari yuksak bahoga loyiq ekanini qayd etgan. Gender tenglik va majburiy mehnatning oldini olish kabi sohalarda erishilgan natijalar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashdagi yutuqlar ham qayd etildi.

“Mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganini ta’kidlab, Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo‘yicha elchisi Rita French O‘zbekiston kelgusida bu boradagi ishlarini davom ettirishi hamda boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘lishi, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishiga umid bildirdi.

Timoti Torlou O‘zbekiston parlamenti bilan inson huquqlari va gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni ta’kidlab, O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi ustuvor sherigi ekanligini qayd etdi”, deyiladi Senat axborotida. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Rita French Timoti Torlou

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing