Rimda tojikistonlik shaxs terrorchilikda gumonlanib hibsga olindi
Olam
−
09 aprel
5835Italiya politsiyasi Rimda ISHID guruhining Tojikiston fuqarosi bo‘lgan a’zosini qo‘lga oldi. Bu haqda ANSA agentligi xabar berdi.
32 yoshli Ilhom Sayrahmonzoda Niderlandiyaning Eyndxoven shahridan yetib kelganida Fyumichino aeroportida qo‘lga olingan.
Agentlikning xabar berishicha, qo‘lga olingan shaxs 2014 yilda Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani uchun Tojikiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.
Qayd etilishicha, u terroristik tashkilotning faol a’zosi bo‘lib, turli taxalluslar va tug‘ilgan sanalari orqali o‘zini O‘zbekiston, Qirg‘iziston yoki Ukraina fuqarosi sifatida ko‘rsatib, huquq-tartibot idoralaridan yashiringan.
Politsiya uni aeroportdan qo‘lga olib, undan mobil telefon va ikki ming yevroga yaqin naqd pulni olib qo‘ygan.
Interpolga ko‘ra, Rim uning to‘xtash joyi emas, balki maqsadi bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, Sayrahmonzoda Italiya politsiyasi ma’lumotlar bazasida bo‘lmagan.
Uning fuqaroligi 22 mart kuni “Krokus Siti Holl” terakti bilan bog‘liq yuqori keskinlik tufayli hibsga olinishida asosiy omil bo‘lgan.
“Biroq hozircha uning ushbu harakatga aloqadorligini ko‘rsatadigan hech qanday elementlar yo‘q”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda Tojikistonning uni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ichki ishlar vaziri Matteo Piantedozining ta’kidlashicha, bu hibsga olish terrorchilik tahdidiga qarshi samarali profilaktika faoliyati samarasidir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 7 oktyabridan buyon xavfsizlik nuqtai nazaridan Italiyadan 50 dan ortiq odam chiqarib yuborilgan.
Ma’lumot uchun, 22 mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl”ning konsert zalida bir guruh qurollangan shaxslar otishma boshlagan, keyin esa o‘t qo‘ygan. ISHIDning "Viloyat Xuroson" nomli yacheykasi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Rossiya rasmiylari terakt ortida Ukraina turganini da’vo qilmoqda. FXX dastlab teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 11 kishini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Hibsga olinganlardan to‘rt nafari Tojikiston fuqarosi haqida xabar berildi. FXX 31 mart kuni Dog‘istonda terakt tayyorlashda gumon qilingan to‘rt nafar xorijlikni qo‘lga oldi. Hibsga olinganlardan biri terakt ishtirokchilariga qurol va pul berganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Moskva sudi "Krokus" konsert zaliga hujum qilishda ayblangan yana bir Tojikiston fuqarosi Yoqubjon Yusufzodani hibsga olgandi. Keyinchalik FXX xodimlari Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida teraktga aloqadorlikda gumon qilingan uch nafar shaxsni qo‘lga oldi.
LiveBarchasi