Rimda AQSH-Eron muzokaralarining 2-raundi yakunlandi
Olam
−
19 aprel
4235Bugun, 19 aprel kuni Eron va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida Italiya poytaxti Rimda bo‘lib o‘tgan yadroviy bitim bo‘yicha bilvosita maslahatlashuvlarning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda “Mehr” xabar berdi.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, maslahatlashuvlar “rejalashtirilganidek” yakunlangan.
“Bularning barchasi ikkinchi raund ham konstruktiv ruhda o‘tganidan dalolat beradi”, deyiladi xabarda.
Maslahatlashuvlar Ummon elchisi qarorgohida o‘tkazilgan. Avvalroq, Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bag‘oyi Italiya poytaxtida bilvosita muzokaralar Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaydiy vositachiligida o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qilgan. Vazir italiyalik mavqedoshi Antonio Tayani bilan ham muzokara o‘tkazgan. Qo‘shimcha qilinishicha, Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi o‘tkazilishi ham mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12 aprel kuni Ummonda Tehron va Vashington o‘rtasida Eron yadroviy dasturi atrofidagi vaziyatni hal qilish uchun Maskat vositachi sifatida bilvosita muzokaralar o‘tkazilgandi. Eron tomonidan Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, AQSHdan esa Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligining xabariga ko‘ra, uchrashuv konstruktiv va tinch muhitda o‘tgan. TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff va Aroqchi muzokaralar joyini tark etib, Ummon Tashqi ishlar vazirligi rahbari ishtirokida bir necha daqiqa suhbatlashgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov eronlik mavqedoshi Abbos Aroqchi bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya rahbariyati AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar jarayoniga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgandi.
LiveBarchasi