Rim Papasi shifoxonaga tushib qoldi
Olam
−
28 fevral
4678Rim Papasi Fransisk Vatikanda umumiy auditoriyani qabul qilganidan so‘ng shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Muqaddas taxt (Vatikan davlat kotibiyati) matbuot xizmati xabar berdi.
"Umumiy auditoriya qabulidan so‘ng Rim Papasi Fransisk tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Gemelli Izola Tiberina shifoxonasiga bordi", deyiladi manbada.
Ma’lum qilinishicha, 4 kun oldin, 24 fevral kuni 87 yoshli pontifik haftalik qabulni va yengil gripp alomatlaridan shikoyat qilib, Rim yeparxiyasi diakonlari bilan uchrashuvni bekor qilishga majbur bo‘lgan.
“Aziz birodarlar va opa-singillar, men hali ham biroz kasalman va o‘zimni shamollatib qo‘yganman chog‘i”, degan Papa o‘shanda.
Shuningdek, 2023 yilning dekabr oyida Rim Papasi gripp va pnevmoniya ta’siri tufayli Dubaydagi iqlim uchrashuviga rejalashtirilgan safarini bekor qilishga ham majbur bo‘lgan edi.
Qayd etilishicha, 87 yoshli cherkov rahbari bir nechta surunkali kasalliklarga chalingan va nogironlar aravachasida harakatlanishga majbur bo‘lib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Rim Papasi Fransisk Vatikan tashqarisida o‘z qabrini "allaqachon tayyorlab qo‘ygani" va oddiyroq dafn marosimini o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytgan edi.
LiveBarchasi