Rim papasi ilk xorijiy safarini Turkiyadan boshladi
Olam
−
27 noyabr 2025 2208 2 daqiqa
Bugun, 27 noyabr kuni Rim papasi Leo XIV o‘zining birinchi xalqaro safariga yo‘l oldi. U 27 noyabrdan 2 dekabrgacha Turkiya va Livanga tashrif buyuradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Keltirilishicha, ushbu safar xristian cherkovi tomonidan qabul qilingan va hanuzgacha millionlab xristianlar amal qiladigan Nikeya e’tiqodining qabul qilinganiga 1700 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan.
Papalik lavozimiga joriy yil may oyida saylangan Leo Italiyadan tashqaridagi ilk manzil sifatida asosan musulmon aholiga ega bo‘lgan Turkiyani tanladi. Turkiyada Papa uch kun davomida qator tarixiy va diniy maskanlarni ziyorat qiladi. Keyin esa Livanga safar qilishi rejalashtirilgan.
Marhum papa Fransisk ham Turkiya va Livanga borishni rejalashtirgan, biroq sog‘lig‘i tufayli safarni amalga oshira olmagan edi.
Vatikanni kuzatuvchi italiyalik tadqiqotchi Massimo Fadjiolining fikricha, safar Leoning pozitsiyasini o‘rganish uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
“Bu juda muhim tashrif. Chunki hozircha Leoning geosiyosiy qarashlari haqida ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Ushbu safar uning pozitsiyasini tushunish uchun ilk katta imkoniyat”, deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, Leo XIV saylanishidan oldin global miqyosda u qadar taniqli bo‘lmagan shaxs edi. U ko‘p yillar davomida Peruda missioner bo‘lib ishlagan va faqat 2023 yilda Vatikan rasmiysi lavozimiga tayinlangan.
70 yoshli Papa bugun, 27 noyabr kuni ertalab Rimning Fiumichino aeroportidan Anqaraga uchib ketdi va tushga yaqin (Toshkent vaqti bilan 14:30) Turkiya poytaxtiga yetib bordi. U yerda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an va boshqa siyosiy rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Kechga borib u Istanbulga yo‘l oladi. Bu yerda dunyodagi 260 million pravoslav nasroniylarining rahbari – Patriarx Vartolomey bilan uchrashdi.
Live
Barchasi