Rim imperiyasi davriga oid ulkan oyoq kiyimi topildi

Olam

image

Buyuk Britaniyada arxeologlar eramizning ilk asrlariga oid Rim qal’asi himoyachilari tomonidan kiyilgan ulkan oyoq kiyimini topdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qal’aga tutash Magna harbiy istehkomi xarobalaridan topilgan, teridan yasalgan oyoq kiyimning tagligi 32,6 santimetr uzunlikda bo‘lib, zamonaviy o‘lchamda 46-o‘lchamga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘sha davr odamlari uchun odatiy bo‘lgan oyoq o‘lchamidan ancha katta. Shu sababli arxeologlar qal’a himoyachilarining kim bo‘lganini aniqlashga urinmoqda. 

Topilma Britaniyaning shimoli-g‘arbiy chegarasini bosqinchilardan himoya qilgan, 117 kilometrga cho‘zilgan Haydrian devori bo‘ylab joylashgan Magna istehkomi hududidan aniqlangan. Bu oyoq kiyim qalin qoramol terisidan tayyorlangan bo‘lib, temir mixlar bilan mustahkamlangan.

“Biz bu poyabzalni izohlashga har xil yondashdik. Balki bu qishki oyoq kiyim bo‘lib, ichiga jun paypoq solib kiygan bo‘lishlari ham mumkin. Ammo keyinchalik yana shunday katta o‘lchamdagi oyoq kiyimlar topilganidan so‘ng, bu odamlarning oyoqlari haqiqatan ham juda katta bo‘lgan degan xulosaga keldik”, degan qazishma ishlarida qatnashgan arxeologlardan biri. 

Magna qal’asi taxminan milodiy 85 yilda qurilgan. Har bir necha yilda u yerda navbatchilar almashinib turgan. Qal’a devorlariga tushirilgan yozuvlarda bu yerda hozirgi Suriya hududidan borgan kamonchilar, Xorvatiya va Serbiyadan bo‘lgan askarlar, shuningdek, niderlandiyaliklar xizmat qilganini ko‘rish mumkin. Ammo har bir garnizon qancha muddat xizmat qilgani noma’lum.

Taxminlarga ko‘ra, askarlar ba’zan qal’ani shoshilinch tark etgan, oqibatda oyoq kiyim, kiyim-kechak va boshqa narsalarni atrofdagi xandaqlarga tashlab ketgan.

Arxeologlarning fikricha, qadimiy poyabzallarning bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolishiga o‘sha davrda qo‘llanilgan teriga ishlov berish texnologiyalari sabab bo‘lgan. Ular o‘simlik asosidagi moddalar yordamida suv va issiqlikka chidamli qoplama hosil qilgan.

Olimlar endi bu poyabzal egalarini chuqurroq o‘rganish uchun uning kiyilganlik belgilari va ichidagi oyoq izlarini tekshiradi. Ular oyoq shakli orqali o‘sha davr odamlari tuzilishini modellashtirishga harakat qilmoqda.

Magna istehkomidagi qazishmalar davom etmoqda. Arxeologlar bu topilmalar orqali ilk asrlarda bu hududda yashagan odamlar hayoti haqida chuqurroq ma’lumot olishga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Seyitgazi tumanidagi qazishma ishlari davomida taxminan 5 ming yillik non topilgani hamda ushbu non xamirturush va boshqa moddalar bilan birga qayta tiklanib, sotuvga qo‘yilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya oyoq kiyim Rim imperiyasi Magna qal'asi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing