Restoranlarda majburiy “obsluga” olish qonunga zid – Raqobat qo‘mitasi 

Jamiyat

image

Restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari ofitsiant xizmati uchun majburiy ravishda haq undirilishi qonunga xilof hisoblanadi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ogohlantirish e’lon qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, ba’zan esa 20 foizgacha “xizmat haqi” majburiy tarzda qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani, shuningdek, mijozlardan oldindan depozit talab qilinayotgani haqida murojaatlar ko‘paygan.

Qo‘mita “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda bunday holatlar aniq belgilanganini eslatib o‘tdi. Qonunga muvofiq, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar:

  • Iste’molchini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga majburlamasligi;
  • korxonaning turiga qarab mijozga o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratishi;
  • taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi, barcha shartlar, jumladan ofitsiant xizmatining qiymati haqida oldindan va to‘liq ma’lumot taqdim etishi shart.

Shu bois, restoran yoki kafe mijozni oldindan ogohlantirmasdan qo‘shimcha xizmat haqini hisob-kitobga qo‘shsa yoki majburiy depozit talab qilsa, bu qonunga xilof amaliyot hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4, 19 va 21-moddalariga ko‘ra:

  • Iste’molchi tovar yoki xizmat, shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olishga, ularni erkin tanlashga va sifatli bo‘lishini talab qilishga haqli;
  • ijrochi xizmatlarni belgilangan muddat, hajm va sifatda ko‘rsatishi shart;
  • sotuvchi (ijrochi) iste’molchiga qo‘shimcha tovar yoki xizmatlarni majburan yuklashga, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirishga mutlaqo haqli emas.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan, ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantiradi”, deyiladi xabarda.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qo'mita Restoran obsluga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing