Soqqali Olimpiada: medalli sportchilar vatanida qanday mukofotlanadi?
Sport
−
23 fevral 13508 7 daqiqa
Kecha, 22 fevral kuni Italiyaning Verona shahridagi “Arena di Verona” amfiteatrida 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Kirsti Koventri Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarini rasman yopiq deb e’lon qildi va shu tariqa 2026 yilgi Olimpiada rasman yakuniga yetdi.
Ushbu Olimpiadada asosan mavjud inshootlardan foydalanilgan bo‘lib, 16 kun davom etgan musobaqalar Italiya Alp tog‘lari bo‘ylab yuzlab kilometr masofaga cho‘zilgan marosim va sport tadbirlari sifatida muxlislarning yodida qoldi.
“Siz yangi turdagi qishki o‘yinlarni taqdim etdingiz va kelajak uchun yangi standartni o‘rnatdingiz”, dedi Koventri qadimgi Rim amfiteatrida bo‘lib o‘tgan yopilish marosimida italiyalik mezbonlarga murojaat qilarkan.
Koventri nutqidan so‘ng, Milandagi va ayollar tog‘ chang‘isi musobaqalariga mezbonlik qilgan Kortina-d’Ampetsso kurortidagi ikkita Olimpiya olovi o‘chirilib, o‘yinning rasman yakunlanganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Olimpiya bayrog‘i 2030 yilda Fransiya Alp tog‘larida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlarini tashkil etadigan ikki mintaqa rahbarlariga topshirildi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, medallar jamg‘arish reytingida Norvegiya delegatsiyasi jami 41 medal bilan yetakchi sifatida Olimpiadani yakunladi. Undan keyingi o‘rinda esa AQSH delegatsiyasi egalladi. Ular 12 ta oltin, 12 ta kumush va 9 ta medalni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni Niderlandiya (10-7-3) egalladi.
Olimpiyada medallari orqali sportchilar qancha pul ishlab oladi?
Olimpiya o‘yinlari – bu nafaqat shon-sharaf, rekord va tarix, balki katta mablag‘lar masalasi hamdir. Medal ortida nafaqat mehnat, balki moliyaviy rag‘bat tizimi ham turadi. Turli davlatlarda Olimpiya chempionlariga beriladigan mukofot pullari o‘rtasidagi tafovut juda katta: ayrim mamlakatlar millionlab dollar va hatto kvartiralar taqdim etsa, boshqalari prinsipial ravishda pul to‘lamaydi.
1896 yilda tashkil etilganidan buyon Xalqaro Olimpiada qo‘mitasi (XOQ) bitta asosiy tamoyilga amal qiladi: Olimpiya medallari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri pul mukofoti berilmaydi. Medal – ramziy e’tirof. Moliyaviy rag‘bat esa milliy Olimpiya qo‘mitalari, hukumatlar, sport federatsiyalari va xususiy homiylar zimmasiga yuklatilgan. Shu sababli olimpiyachilarning daromadi ular vakillik qilayotgan mamlakatga bevosita bog‘liq. Bu yerda tafovut nihoyatda katta – nol to‘lovdan tortib millionlab dollargacha.
An’anaga ko‘ra, Osiyo mamlakatlari eng yuqori mukofot pullarini taklif qiladi. 2024 yilgi yozgi o‘yinlarda Gonkong oltin medal uchun 770 ming dollar va’da qilib rekord o‘rnatgan. Singapur 737 ming dollar taklif qilgan. Indoneziyada chempion 346 ming dollar, Isroilda 315 ming dollar, Qozog‘istonda esa 250 ming dollar hamda kvartira beriladi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston 2024 yilgi Parij yozgi Olimpiadasi chempionlariga hukumat tomonidan 200 000 AQSH dollarilik bir martalik pul mukofoti berilgan. Janubiy Koreya alohida modelga ega: mamlakat chempionlarga bir martalik 55 ming dollarlik bonusdan tashqari, Olimpiya chempionlariga umrbod pensiya tayinlanadi.
Biroq muhim jihat shundaki, bu davlatlar kam sonli medallarni qo‘lga kiritadi. Masalan, Singapur tarixida atigi bitta Olimpiya oltini mavjud. Katta va’dalarni berish oson, ammo ularni to‘lash zarurati kam hollarda yuz beradi. Shu bois ayrim ekspertlar buni real qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra siyosiy signal sifatida baholaydi.
AQSH dunyodagi eng muvaffaqiyatli Olimpiya davlatlaridan biri hisoblanadi, biroq mukofot pullari nisbatan kamtarin. Mamlakat Olimpiada sovrindorlari uchun agar oltin medal qo‘lga kiritsa, 37 500 dollar, kumush uchun 22 500 dollar, bronza uchun 15 000 dollar mukofot puli to‘laydi.
Muhim jihati shundaki, to‘lovlar davlat tomonidan emas, balki Qo‘shma Shtatlar Milliy Olimpiada va Paralimpiyada qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu tizim to‘lovlarning aniq va o‘z vaqtida berilishini ta’minlaydi.
Yevropada eng saxiy davlatlardan biri bu – Italiya. Italiyalik sportchilar oltin medal uchun taxminan 295 ming yevro (qariyb 320 ming dollar) oladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Italiya qit’ada yetakchi. Fransiya, Germaniya va Ispaniya esa 50–100 ming yevro oralig‘ida mukofot beradi.
2025 yil dekabr oyiga kelib Germaniya Olimpiya bonuslaridan soliqni bekor qildi. Ilgari mukofotning 50 foizdan ortig‘i ushlab qolinardi, endi esa sportchilar oltin uchun 30 ming yevroni to‘liq sof daromad sifatida oladi.
Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya va Buyuk Britaniya esa medallar uchun pul to‘lamaydi. Ularning qarashicha, sportchilarni moliyaviy emas, ichki motivatsiya orqali rag‘batlantirishi kerak. Qo‘llab-quvvatlash mashg‘ulot bazalari, murabbiylik, jihoz va yashash sharoitlari bilan cheklanadi. Ammo bu model muammosiz emas. Shu sababdan Norvegiyalik tog‘ chang‘isi yulduzi Lukas Broten onasining vatani Braziliya bayrog‘i ostida qatnashishga qaror qildi. Braziliya unga yaxshiroq moliyaviy sharoit taklif qilgan. 2026 yilda u gigant slalomda g‘alaba qozonib, joriy yilgi Olimpiyada o‘yinlarida o‘z qit’asiga birinchi bo‘lib oltin medalni taqdim etdi.
So‘nggi yillarda davlat o‘rnini tobora ko‘proq xususiy homiylar egallamoqda. Yangi Zelandiya bunga yorqin misol. 2026 yilgacha mamlakatda sovrindor sportchilar uchun bonuslar mavjud emas edi, biroq 2026 yil yanvarida terma jamoa homiysi oltin medal uchun 3000 dollar, keyingi Olimpiadagacha yiliga 40 000 dollar mukofot taklif qildi.
Olimpiya mukofotlari – shunchaki raqam emas. Bu davlatning sportga va o‘z qahramonlariga bo‘lgan munosabatini aks ettiradi. Ba’zi mamlakatlarda medal kvartira, pensiya va millionlab dollar degani. Boshqalarda esa bu faqat ma’naviy e’tirof. Har bir shohsupa ortida yillar davomida mehnat, intizom va fidoyilik yotadi. Ammo zamonaviy Olimpiya harakatida shu bilan birga aniq moliyaviy qiymat ham mavjud – u dollar, yevro, mashina va kvartira ko‘rinishida. Bu qiymat davlatning sport siyosati qanchalik ustuvor ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonlik sportchilar ham mukofotlanadimi?
2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini ikki nafar sportchi – Daniil Yeybog va Medet Nazarov himoya qildi. Har ikki sportchi ikki yo‘nalishda ishtirok etdi, biroq medallar uchun kurashda muvaffaqiyat qozona olmadi.
Musobaqaning sakkizinchi kuni doirasida tog‘ chang‘isi bo‘yicha gigant slalom dasturida qatnashgan Medet Nazarov 50-o‘rinni egalladi. Shu kuni short-trek bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Daniil Yeybog 1500 metr masofada yarim finalga chiqa olmadi va “B” finalda qatnashib, umumiy hisobda 14-o‘rinni band etdi.
Olimpiadaning o‘ninchi kunida Nazarov slalom dasturida ham start oldi, biroq ikkinchi urinishda ishtirok eta olmagani sababli yakuniy reytingdan joy olmadi.
Daniil Yeybog 500 metr masofadagi bahslarda ham yarim final bosqichiga yo‘l ololmadi. Shu tariqa O‘zbekiston yana bir qishki Olimpiadani medalsiz yakunladi va mamlakat byudjetidagi bir qancha mablag‘larni “tejab qoldi”.
1994 yilda mustaqil O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Lillexammerda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiyada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Lina Cheryazova fristayl bo‘yicha murakkab dasturini muvaffaqiyatli bajarib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. Bu O‘zbekiston sporti tarixidagi ilk va hozircha so‘ngi qishki Olimpiya o‘yinlaridagi medali bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Lina Cheryazova 1968 yil 1 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U xalqaro toifadagi sport ustasi, 1990 yilgi Yevropa chempionati bronza medali sovrindori, 1993 yilgi Jahon chempioni, Jahon kubogi bosqichlari Gran-prisi g‘olibi (1993, 1994), 1994 yilda Lillehammerda bo‘lib o‘tgan XVII qishki Olimpiya o‘yinlari chempioni, Jahon kubogi bosqichlari g‘olibi (1996, 1997) hisoblanadi.
Shuningdek, u XOQ xalqaro stipendiyasining faxriy sovrindori, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston Iftixori” faxriy unvonlari sohibasi, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Linaning yetti yoshidan gimnastika bilan shug‘ullangan, 12 yoshidan 18 yoshgacha esa akrobatika bilan muntazam mashq qilgan. Keyinchalik erkin uslubdagi chang‘i sporti bo‘yicha murabbiyi Dmitriy Yefimovich Kavunov qo‘l ostida shug‘ullangan.
18 yoshida Lina qishki sport turi – erkin chang‘i (fristayl) yo‘nalishida o‘zini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Cheryazova 1992-1994 yillar davomida Jahon kubogining 18 ta bosqichidan 13 tasida g‘alaba qozondi. 1994 yili Olimpiada chempioni bo‘lgach, o‘sha yili – 25 yoshida og‘ir jarohatga yo‘liqqan. O‘shanda u hayoti uchun xavfli darajada boshidan shikastlangan, ammo bu jarohatidan keyin nafaqat sog‘ayib ketgan, balki katta sportga ham qaytgan. 1998 yili saralashdan o‘tib, Naganodagi qishki Olimpiadada 13-o‘rinni oldi. Shundan so‘ng sportdagi karerasini yakunlab, doimiy yashash uchun onasi tug‘ilgan Novosibirskka ko‘chib o‘tgan. Lina Cheryazova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibasi edi. U Rossiya Federatsiyasining Olimpiada chempionlariga beriladigan bir umrlik pensiyasini oluvchi rossiyalik bo‘lmagan yagona sportchi hisoblanardi. 2019 yilda Lina Cheryazova uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, 51 yoshida Novosibirskda vafot etgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston 32 yildan beri qishki Olimpiya o‘yinlaridan beri na bir oltin na bir bronza medalni qo‘lga kiritdi. Sababi – O‘zbekiston deganda ko‘pchilikning hayoliga quyoshli yurt degan tarif kelishidir. Bunday mamlakatlarda qishki sport turlarining ommalashishi esa katta mablag‘ va alohida e’tiborni talab qiladi. Ungacha esa Lina Cheryazovaga o‘xshash issiq yurtdan chiqqan “qor malikalari”ni paydo bo‘lishi esa qiyinlashaveradi. Oldinda 2030 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiyada o‘yinlari bor. Ungacha o‘zbek sportchilari muxlislarni yozgi Olimpiya o‘yinlari bilan albatta, xursand qiladi.
Live
Barchasi