Bosh prokuratura: Rembrandtning qimmatli asari Madaniyat vazirligiga topshirildi

Jamiyat

image

Bugun, 13 mart kuni Gollandiyalik mashhur rassom Rembrandt van Reyn qalamiga mansub asar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga topshirildi. Suratning topshirilgani va qabul qilingani to‘g‘risidagi dalolatnoma Bosh prokuratura va Madaniyat vazirligi o‘rtasida tuzildi.

Bosh prokuratura tomonidan 2014 yil 27 may kuni Yakkasaroy tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan K.Y. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan.

Tergov tomonidan aniqlanishicha, 2008 yil 28 avgust kuni fuqaro A.P. o‘z tanishi bo‘lgan K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reynning muallifligidagi asarni 50 ming AQSH dollariga sotgan. U o‘z navbatida tanishi bo‘lgan R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganligi aniqlangan.

2014-2018 yillar davrida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi va javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sabali jinoyat ishi bir necha marta to‘xtatilgan va tugatilgan.

Shundan keyin, fuqaro A.P. qabul qilingan qarorlardan noroziligi xaqida Bosh prokuror nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

Bosh prokuror topshirig‘ig‘a asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar IIBB Tergov bo‘limidan talab qilib olingan va 2018 yil 4 iyun kuni Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining ish yurituviga berilgan.

O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan 2018 yil 14 iyun kuni o‘tkazilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik ishi topilgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, K.Y. va R.F. Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 238-moddasining 2-qismi (yolg‘on guvohlik berish) bilan ayblanuvchi sifatida jalb qilingan va 2018 yil 14 sentyabrdagi jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborilgan.

2018 yil 21 noyabrdagi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko‘ra, K.Y. va R.F. aybdor deb topilgan, asar esa davlat daromadiga o‘tkazilgan.

Sud hukmining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 8 fevral kuni Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limining 13 mart kunidagi xatiga asosan, rassom Rembrandt Van Reynning mualliflik ishi maxsus komissiya a’zolari ishtirokida tegishli protsessual tartibda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mas’ul xodimlariga taqdim etilgan.

Madaniyat vazirligining badiiy ekspertiza kengashi tomonidan taklif qilingan xorijiy ekspertning xulosasiga ko‘ra, asar 8 milliondan 15 million yevrogacha narxlanadi. Xorijiy auksion savdolarida esa kartina qiymati 150 million yevrogacha ko‘tarilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Madaniyat vazirligi Rembrandt van Reyn

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing