“Real” samolyoti bo‘ron tufayli bir necha soat qo‘nolmadi

Sport

image

Kecha, 8 iyul kuni Madridning “Real” futbol klubi samolyoti AQSHning Nyuark va Nyu-York shaharlarida kuzatilgan kuchli bo‘ron tufayli bir necha soat havoda aylanishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “El Chiringuito” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, samolyot ikki soatdan ortiq vaqt davomida qo‘nishga urinib, lekin bunga erisha olmagan. Shuningdek, “Real” bosh murabbiy Xabi Alonso ishtirokida rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qilishni so‘ragan. Ma’lum qilinishicha, FIFA klubga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan va samolyotning iloji boricha tezroq qo‘nishini ta’minlashga harakat qilgan.

“Madrid klubi Mayamidan – jamoa joylashgan bazadan Nyuark shahriga uchib ketdi, biroq Florida shtatidagi bo‘ron tufayli parvoz bir yarim soatga kechikdi. “Qirollik klubi” manzilga dastlab rejalashtirilgan vaqtdan to‘rt soat kech yetib bordi, oqibatda murabbiy Xabi Alonso va jamoa futbolchilari ishtirokidagi o‘yinoldi matbuot anjumani bekor qilindi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Real” bugun, 9 iyul kuni Parijning “Pari Sen-Jermen” jamoasiga qarshi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yarim final uchrashuvini o‘tkazadi. O‘yin AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi Ist-Raterford shahridagi “MetLife” stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi. G‘olib jamoa finalda Londonning “Chelsi” klubi bilan to‘qnash keladi.

Qayd etish joiz, AQSHda bir necha kundan beri kuchli bo‘ronlar kuzatilmoqda. Xususan, Texas shtatidagi kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Real Madrid Pari Sen-Jermen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing