“Real Madrid”ning yana bir futbolchisi jarohat oldi
Sport
−
19 noyabr 934 1 daqiqa
Kecha, 18 noyabr kuni “Real Madrid” markaziy himoyachisi Eder Militao Braziliya va Tunis o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini davomida jarohat oldi. O‘yinning 57-daqiqasida Militao jarohat sabab maydonni tark etdi.
Birinchi bo‘limda u allaqachon noqulaylik belgilarini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, o‘yinni davom ettirdi va yakunda jarohat oldi. Endi braziliyalik futbolchi Madridga qaytib, klub tibbiy muassasalarida tekshiruvdan o‘tadi. Jarohatning qay darajada ekanligi va futbolchi qancha muddatda maydonga qaytishi mumkinligi tibbiy tekshiruvlardan so‘ng aniq bo‘ladi. Mahalliy OAVlarning yozishicha, dastlabki belgilar mushak jarohati bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, tizzadagi muammolar esa xavotirga sabab bo‘lmagan.
Shu bilan birga, qirollik klubining yana bir a’zosi Rodrigo ham biroz oqsoqlanib, 79-daqiqada zaxiraga olingan. Yakunda uchrashuv 1:1 hisobidagi durrang natija bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun, xalqaro tanaffus oldidan “Real Madrid”ning bir qator futbolchilari, jumladan Orelen Tchuameni, Tibo Kurtua va Federiko Valverde jarohat olgan edi. Shuningdek, terma jamoaga chaqirilgan Kilian Mbappe, Eduardu Kamavinga va Din Xyoysen ham FIFA kunlaridan jarohat bilan qaytdi.
Live
Barchasi