“Real” Karvaxalga o‘rinbosar topdi
Sport
−
06 yanvar
4555Madridning “Real” klubi “Sevilya”ning o‘ng qanot himoyachisi Xuanlu Sanchesga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda As xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, madridliklar qanot himoyachisi haqida ijobiy xabarlarni 2015 yilda, u 12 yoshida “Sevilya” akademiyasiga qo‘shilganidan beri eshitib kelmoqda. “Real Madrid”ga futbolchining ko‘p qirraliligi yoqadi: u faoliyatini boshida markaziy yarim himoyada o‘ynagan, o‘tgan mavsumda ijara asosida o‘ynagan “Mirandes”da u qanot hujumchisi sifatida harakat qilgan. Bu mavsumda u ham asosiy tarkibda qanot himoyachisi sifatida o‘ynadi. “Real” Xuanluning terma jamoalardagi rivojlanishini ham kuzatib bormoqda – u Ispaniya U-16, U-17, U-18, U-19 va U-21 termalarida o‘ynagan.
“Real” yozda Xuanluni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi, shunda u klubda rivojlanishi mumkin. Madridliklar uning kelajakda Dani Karvaxalning o‘rinbosari bo‘la olishiga ishonmoqda. Futbolchining “Sevilya” bilan shartnomasida tovon puli 20 million yevro qilib belgilangan. “Qaymoqranglilar” buncha pul to‘lamoqchi emas, “Sevilya” ham mazkur summadan kam pul olish niyatida emas, shuning uchun muzokaralar oson kechmaydi.
“Qirollik klubi” rahbariyati Xuanlu uchun 20 million yevro sarflash oqilona qarorligiga ishonmayapti, chunki klub Alfonso Devis va hujum uchun Kilian Mbappe yoki Erling Xoland transferi uchun ham kattagina pul sarflashi mumkin.
Devisning shartnomasi bir yildan keyin tugashini inobatga olgan “Real” uning uchun maksimal 40-50 million yevro talab qilinishiga ishonmoqda.
Joriy mavsumda 20 yoshli Xuanlu barcha musobaqalarda 21 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.