Rasul Kusherbayev rossiyalik deputatning gapiga savol bilan javob qaytardi
Jamiyat
−
20 Oktabr
30371Avvalroq, Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, nega migrantlar ularni “boqayotgan” mamlakatni himoya qila olmasligini aytgandi va bunday migrantlar Rossiyaga kerak emasligini iddao qilgandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev rossiyalik deputatga agar O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rossiyalik fuqarolarni O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi, deya savol bilan yuzlandi.
“O‘zbekiston diplomatik idorasi O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan normalarni o‘z fuqarolariga eslatgani uchun Rossiyadan viza rejimi joriy etish tahdidi yangrayotgani, Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘zlariga qaram davlat sifatida ko‘rishini anglatmoqda. Afsuski, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda”, deya yozgan Kusherbayev o‘zining Telegram sahifasida.
Shuningdek, vazir maslahatchisi Mironovga savol bilan yuzlangan.
“Agar O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rus fuqarolarini O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi? Keyin O‘zbekistonda ham qarshi tomonga nisbatan xuddi shunday viza rejimi joriy etish imkoniyati borligini unutmaslik kerak. Menimcha, O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga Zaxarovadan so‘ng kim kiritilishi kerakligi ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgan bo‘lsa kerak”, degan Kusherbayev.
Bundan oldin Mironovning ushbu gaplariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham fikr bildirib, Rossiyani Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini aytgandi. Shu bilan birga, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa rossiyalik deputatning gaplariga javoban “bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirgandi. Bosh konsulxona bayonotida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) ko‘ra, xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgandi.