Rossiyada migrantlar uchun yangi qonun qabul qilinishi mumkin
Olam
−
20 fevral 9487 2 daqiqa
Rossiya Davlat dumasida migrantlarga ijtimoiy nafaqalarni faqat 20 yil Rossiyada yashagandan keyin berish taklif qilindi. Bu haqda “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov “Gazeta.Ru” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, yaqinda Davlat dumasi muhim tuzatishni qabul qilgan: bolali oilalar yagona nafaqa olishi uchun kamida besh yil Rossiyada yashagan va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak. Mironov buni yanada qat’iy qarorlar sari tashlangan birinchi to‘g‘ri qadam deb atagan.
Uning ta’kidlashicha, ular ilgari hukumatga qonun loyihasini kiritgan bo‘lib, unga ko‘ra davlat qo‘llab-quvvatlash choralari – nafaqalar, imtiyozlar, onalik kapitali, uy-joy subsidiyalari – faqat Rossiya fuqaroligini kamida 20 yil olgan shaxslarga tayinlanishi kerak. Gap so‘nggi yillarda ommaviy ravishda Rossiya pasportlari berilgan sobiq migrantlar haqida ketmoqda. Mironovning fikricha, ularga ijtimoiy yordam ham tezkor ravishda berilayotgani mahalliy aholi manfaatlariga zid holatlarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, uy-joy sertifikatlari berish bilan bog‘liq bir necha mojarolar kuzatilgan.
Shu sababli, uning fikricha, fuqarolik bo‘yicha senz joriy etish zarur va bu nafaqat ijtimoiy to‘lovlarga, balki boshqa sohalarga ham taalluqli bo‘lishi kerak. Bu davlat mablag‘larini avvalo o‘z fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish imkonini beradi.
Mironov tashabbus ayrim toifalar uchun istisnolarni nazarda tutishini ham aytgan. Ular qatoriga yangi hududlar aholisi, Belarus va Ukraina fuqarolari, vatandoshlarni ko‘chirish dasturlari ishtirokchilari hamda maxsus harbiy operatsiya qatnashchilari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 martdan boshlab Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish uchun asoslar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilayotgandi.
Live
Barchasi