Rasmiy Vashington 28 yilda ilk bor yadro sinovi o‘tkazishni muhokama qildi – OAV
Olam
−
23 may 2020
5854Amerika Qo‘shma Shtatlari rasmiylari 1992 yildan beri ilk bor yadro sinovini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda “The Washington Post” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, bu masala kecha, 22 may kuni AQSHning milliy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralari xodimlarining uchrashuvida ko‘tarilgan. O‘sha paytda sinovni o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan. Amaldorlardan biri nashrga, munozaralar davom etayotganini ma’lum qilgan.
Boshqa bir manbaning “The Washington Post”ga ma’lum qilishicha, Xitoy va Rossiya Federatsiyasidan kelib chiqadigan tahdidlarga javoban boshqa choralarni ko‘rishga qaror qilingan. Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashi ushbu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi, deya ta’kidlaydi gazeta.
Ma’muriyatning yuqori lavozimli amaldorlaridan birining ta’kidlashicha, Moskva va Pekinga AQSH "sinovlar" o‘tkazishi mumkinligini ko‘rsatish Qo‘shma Shtatlarga qurol nazorati bo‘yicha muzokaralarda ustunlikni berishi mumkin. Gazeta uchrashuv davomida yadro sinovini o‘tkazish g‘oyasi borasida jiddiy kelishmovchiliklar paydo bo‘lganiga ishora qilgan.
“The Washington Post” nashriga ko‘ra, yadro qurolini tarqatmaslik tarafdorlari yadroviy sinovni qayta boshlash beqarorlashtiruvchi oqibatlarga olib kelishi mumkin deb hisoblashadi. "Bu yadro quroliga ega boshqa davlatlarni ushbu misolga ergashish uchun imkoniyat yaratadi. <...> Bu misli ko‘rilmagan qurol poygasi uchun signal vazifasini o‘taydi. Bu Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In bilan muzokaralarni susaytiradi", deb yozadi Amerika qurollanish nazorati assotsiatsiyasi rahbari Deril Kimboll.
LiveBarchasi