Rasmiy London Qoshiqchining o‘ldirilishida qatnashgan 20 kishiga sanksiya joriy qildi

Olam

image

Buyuk Britaniya “The Washington Post” gazetasining jurnalisti Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishida ishtirok etgan Saudiya Arabistoni fuqarolariga sanksiya joriy qildi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab ma’lum qilmoqda. 

Xabar qilinishicha, qirollikdan 20 kishining ismlari sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shuningdek, rasmiy London inson huquqlarini buzishda ayblangan 25 nafar Rossiya fuqarosiga ham sanksiyalar joriy etgan. 

Hammasi bo‘lib ro‘yxatdan 49 ta jismoniy va yuridik shaxslar nomi o‘rin olgan. 

Qoshiqchining o‘limi

“The Washington Post” gazetasi bilan faol hamkorlik qilib kelgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi 2018 yilning 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib, qaytib chiqmagan edi. Turkiya prokuraturasiga ko‘ra, Qoshiqchi shu kuni diplomatik vakolatxonada bo‘g‘ib o‘ldirilgan va uning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, yo‘q qilingan. 

2018 yilning 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. Xalqaro hamjamiyat ushbu jinoyatni qoralab, Riyodni shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Saudiya Arabistoni Bosh prokurori 2018 yil 15 noyabrda tergovning dastlabki natijalarini e’lon qildi: qirollikning 11 fuqarosi qotillikka aloqadorlikda ayblanib, ulardan besh nafari o‘lim jazosiga mahkum etildi. 

O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi.

Turkiyadagi sudga ishonsa bo‘ladimi?

Istanbul prokuraturasi tergov natijalariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi diplomatik vakolatxonasida yuz bergan qotillikda ishtirok etgan 20 kishining ismini 117 sahifali ayblov xulosasiga kiritdi. Ularning barchasi xalqaro qidiruvga berilgan.

Joriy yilning 3 iyul kuni ushbu jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoshiqchining qallig‘i va asosiy guvoh Hadicha Chengiz ham ishtirok etdi. 

Ushbu sudda BMTning suddan tashqari qotillik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamard ham ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning qayd etishicha, Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan Turkiyada o‘tayotgan sud Saudiya Arabistonidagiga qaraganda ancha shaffof va ishonchli. Vakil ushbu sudda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning ham nomi tilga olinishini istamoqda.

Keyingi sud majlisi joriy yilning 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jamol Qoshiqchi

Baholaganlar

106

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing