Rasman: Turkiyada koronavirusning ikkinchi cho‘qqisi qayd etildi

Olam

image

Turkiya yangi turdagi koronavirus infeksiyasi COVID-19 ning birinchi to‘lqini ikkinchi cho‘qqisini boshdan kechirmoqda. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja ma’lum qildi. 

"Pandemiya davom etmoqda, har kuni infeksiyalar ko‘paymoqda. Biz birinchi to‘lqinning ikkinchi cho‘qqisini boshdan kechiryapmiz. Anqara, Istanbul, Izmir, Bursa hali ham yuqori xavf ostida",  deydi Ko‘ja jurnalistlar bilan muloqotda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning sharqiy viloyatlari – Gaziantep, Shonliurfa, Mardin, Erzurumda koronavirusga chalingan ko‘plab yangi bemorlar aniqlanmoqda. 

Vazirning ma’lumotlariga ko‘ra, 2 sentyabr kuni Turkiyada 1 596 nafar yangi bemor qayd etilgan. Bu 15 iyundan beri eng katta kunlik o‘sish. Infeksiyani yuqtirganlarning umumiy soni 273 301 kishiga yetdi. Pandemiya boshlanganidan beri kuniga o‘rtacha 45 kishi vafot etdi.  Vafot etganlar 6 462 nafarni tashkil etmoqda. 

Ko‘ja bir kun oldin Turkiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni kuniga 1 572 taga ko‘paygani, 47 bemor vafot etgani va bu mamlakatdagi 15 maydan beri kuzatilgan eng katta ko‘rsatkich ekanini aytgandi. 

Ko‘janing so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda koronavirusga chalinish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hudud – Anqara. Poytaxtda kasallanish Istanbulga qaraganda ikki baravar ko‘p. 

“Shuning uchun biz ko‘proq Anqara ustida ish olib boryapmiz va ayniqsa, ijtimoiy masofaga nisbatan choralarni ko‘rishni boshladik. Ma’lum yoshdan katta odamlarning turli muassasalarga kirishi cheklangan. Ammo hozircha kun tartibida komendantlik soati kabi choralar mavjud emas", deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya ustidan nazorat qo‘ldan boy berilmagan, ammo ba’zi viloyatlarda vaziyat og‘irlashgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Koronavirus

Baholaganlar

290

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing