Rasman! Tramp sun’iy intellektni qayta nomladi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp “sun’iy intellekt”ni rasman “super intellekt” deb qayta nomladi. Bu haqda kecha, 29 sentyabr kuni tegishli farmon imzolandi.

Oq uy bayonotida aytilishicha, bu doimiy ravishda rivojlanib borayotgan texnologik chegaralarni va ular “Amerika xalqi uchun ochadigan cheksiz imkoniyatlarni” alohida ta’kidlash maqsadida amalga oshirilgan.

“Farmon ijro hokimiyati doirasidagi siyosiy hujjatlar, rasmiy yozishmalar, ommaviy xabarlar va qonunchilik hujjati hisoblanmaydigan hujjatlarda barcha departament va idoralarga “super intellekt” hamda “SI” atamalaridan foydalanishni, shuningdek, “sun’iy intellekt” yoki “AI” atamalaridan foydalanishdan voz kechishni buyuradi”, deyiladi hujjatda.

Ma’lumot uchun, “sun’iy intellekt” (Artificial Intelligence) atamasi ilk bor 1955 yilning avgust oyida amerikalik matematik va informatik Jon Makkarti tomonidan muomalaga kiritilgan.

Makkarti Dartmut kollejida (AQSH) faoliyat yuritayotgan paytida markaziy olimlar – Marvin Minskiy, Nataniel Rochester va Klod Shennon bilan birgalikda yozgi tadqiqot loyihasi taklifini (A Proposal for the Dartmouth Summer Research Project on Artificial Intelligence) ishlab chiqadi. O‘sha davrda mashhur bo‘lgan “kibernetika” yoki “avtomatlar nazariyasi” kabi terminlar e’tiborni bevosita biologik qayta aloqa mexanizmiga qaratgani sababli, Makkarti mashinalarda mulohaza yuritish, mantiq va inson intellektini simulyatsiya qilish jarayonini alohida ajratib ko‘rsatish uchun “Artificial Intelligence” (sun’iy intellekt) atamasini tanlaydi.

1956 yilning yozida Dartmut kollejida bo‘lib o‘tgan anjumanda sohaning yetakchi tadqiqotchilari yig‘iladi va ushbu tadbir sun’iy intellektning alohida fan yo‘nalishi sifatida rasman tug‘ilgan sanasi deb tan olinadi. Ayni shu konferensiyada “sun’iy intellekt” atamasi ilmiy jamoatchilik tomonidan to‘liq qabul qilinib, muomalaga mustahkam kiritilgan. Jon Makkarti esa ushbu soha rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun keyinchalik informatika sohasidagi eng nufuzli Tyuring mukofoti bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ilk bor BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida bundan buyon AQSHda sun’iy intellekt “super intellekt” deb atalishini ma’lum qilgandi va boshqa mamlakatlarni ham ularning ta’rifiga ergashishga chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing