Rasman: Tramp AQSH Eronga hujum qilishi mumkinligini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eron Hukumati tinch namoyishchilar o‘ldirishda davom etsa, Qo‘shma Shtatlar ularga yordam berishga tayyorligini bildirdi. 

“Agar Eron odatdagidek tinch namoyishchilarni otib, shafqatsizlarcha o‘ldirsa, Qo‘shma Shtatlar ularga yordamga keladi”, deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘z navbatida rasmiy Tehron Trampga javob qaytardi. Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Larijoniyning aytishicha, AQSHning Eron ichki ishlariga aralashuvi butun Yaqin Sharqni beqarorlashtirishga teng va Vashingtonning mintaqadagi barcha manfaatlarini barbod qilishga olib keladi.  

“Biz norozilik bildirayotgan tadbirkorlar vayronkor unsurlar emasligiga ishonamiz va Tramp AQSHning bu ichki masalaga aralashuvi butun [Yaqin Sharq] mintaqasini beqarorlashtirish va Amerika manfaatlarini yo‘q qilishga teng ekanligini tushunishi kerak”, deb yozgan u X (sobiq Twitter)dagi sahifasida. 

Eslatib o‘tamiz, 28 dekabr kuni Eronda og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflyatsiya fonida boshlangan besh kunlik norozilik namoyishlari chog‘ida 6 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohat oldi. Avvaliga mobil telefon sotuvchilari, keyinchalik boshqa soha vakillari mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yomonlashayotganiga norozilik sifatida do‘konlarini yopgan. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa yirik shaharlarga ham tarqalgan. 1 yanvar kuni Eron davlat televideniyesi g‘arbiy Lorestan viloyatining Kuhdasht shahrida Basij militsiyasi a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) mazkur hodisada namoyishchilarni aybladi. Biroq Hengaw inson huquqlari tashkiloti halok bo‘lgan shaxs xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan namoyishchi bo‘lganini da’vo qilmoqda.

30 dekabr kuni namoyishchilar va huquq-tartibot organlari o‘rtasida dastlabki to‘qnashuvlar yuz bergan. Xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Xabarlarga ko‘ra, noroziliklar tez orada siyosiy tus olib, namoyishchilar “Diktatorga o‘lim” va “Qirol uzoq umr ko‘rsin” kabi shiorlarni ilgari surishgan.

30 dekabr kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ichki ishlar vaziriga namoyishchilar va kasaba uyushmalari bilan muloqot o‘rnatib, ularning qonuniy talablarini tinglashni buyurganini e’lon qildi. Shu bilan birga, xavfsizlik kuchlari noroziliklarni “tashqi kuchlar ishtirokidagi fitna” deb baholab, fuqarolarni namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirmoqda. 

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, 1 yanvar kuni Tehronda jamoat tartibini buzganlikda gumon qilinib, 30 kishi hibsga olingan.

Ma’lumot o‘rnida, Eron iqtisodiyoti hozirda qariyb 40 foizlik inflyatsiya hamda yadroviy dastur bilan bog‘liq G‘arb sanksiyalari bosimi ostida qolmoqda. Prezident Pezeshkian inflyatsiyani pasaytirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga va’da bermoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Erondagi namoyish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing