Rasman: Sardor Rahimxonning “Yurak amri” fondi faoliyatini to‘xtatdi

Jamiyat 49337
image
-

“Yurak amri” xayriya jamoat fondi raisi, 60 kabutar, 25+ kabi loyihalar muallifi, sobiq xonanda Sardor Rahimxon “Yurak amri” fondi faoliyati tugatilganini e’lon qildi. Bu haqda o‘z o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan rasmiy videobayonotida aytadi. 

“Bugun “Yurak amri” xayriya fondining jamoasi, shaxsan o‘zim nomimdan rasmiy e’lon bilan murojaat qilmoqchiman. Yodingizdami, 2020 yil 29 mart? Shunda biz butun dunyoni sarosimaga solib qo‘ygan koronavirus pandemiyasiga qarshi yurtning fidoyi insonlari, shu yurtning farzandi sifatida tavakkal qilib, insonlarning qalbiga oro kiramiz, kambag‘allar, miskinlar, faqirlarning holidan xabar olamiz deya “Yurak amri” xayriya loyihasini tashkil qilgan edik. Allohga tavakkal qilib boshlagan ishimiz yuraklarga yetib bordi. Atrofimizda ko‘ngillilar, homiylar paydo bo‘ldi. Oziq-ovqat tarqatishni boshladik. Minglar xonadonlarga quvonch olib kirdik. Biz bir-ikki oy davom etadi deb o‘ylagan kasallik, yillarga cho‘zildi. Asta-sekin “Yurak amri”ning ko‘lami, miqyosi kattalashib bordi. O‘tgan vaqt mobaynida viloyatlarni, respublikani uch marta aylanib chiqdik. Xonadonlarni, kam ta’minlanganlarni, kambag‘allarni yetimlarni... 

Vaqt o‘tgani sari “Yurak amri” xayriya loyihasini rasmiy fondga aylantirish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shunda biz 2021 yil 12 iyul kuni “Yurak amri” xayriya jamoat fondiga aylandik. Asta-sekin bizda boshqa maqsad paydo bo‘ldi. Oziq-ovqat tarqatish bilan insonlarning muammosini hal etib bo‘lmas ekan. Ularning muammolarini tag-tomiri, ildizi, negizi bilan hal qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi va bunga qaror qildik, qo‘l urdik. 

Uylar berish deysizmi, ularni davolatish, o‘qitish, qarzlarini uzib berish, boshqa-boshqa muammolarga kirishdik. Niyatimizga ham yetdik. Biz yurtboshimizning kambag‘allikni qisqartirish, ayollarni Temir daftardan chiqarish siyosatlariga mos ravishda ularning yonlarida kamarbasta bo‘lamiz deya harakat qildik. Tan olib aytaman, men ham, “Yurak amri”dagi yigitlar ham, ko‘ngillilarimiz ham boshida bunday katta fondga aylanamiz deb hech o‘ylamagan edik. Shaxsan yurtboshimizning ko‘maklari, ochib bergan sharoitlari bilan mana shu kungi natijalarga yetib keldik. 

Ikki yillik faoliyatimiz davomida minglab insonlarning xonadonlariga xursandchilik olib kirishga Alloh bizni sababchi qildi. Biz juda xursandmiz. Uylar topshirildi, kasallar tuzaldi, qarzlar uzildi, bolalarimiz, yetimlarimiz, farzandlarimiz qalbiga xursandchilik kirdi. O‘qiyaptilar, xursand, hayotdan mamnun. Shu yurtga muhabbat bilan katta bo‘lyaptilar”, deydi Rahimxon.

 

Fond rahbari so‘zida davom etarkan, o‘zi ham, safdoshlari ham loyihaning fondga aylanishi, faoliyat doirasining kengayishiga tayyor bo‘lmaganini urg‘ulaydi.  

“Tan olish kerak shaxsan men o‘zim ham, jamoamiz ham bunday katta ko‘lamga tayyor emasdik. Tayyor emas ekanmiz! Ayniqsa, minglab insonlarning omonatlari, ehsonlari haqida gap ketganda, bizni ham jismoniy, ham ruhiy imkoniyatlarimiz yetishmasligini his qildik. Shu sabab katta xatolarning oldini olish maqsadida yurtimiz, aziz xalqimiz, yurtboshimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsin degan maqsadda vaqtinchalik faoliyatimizni to‘xtatishga qaror qildik. Ya’ni yanada kuchga to‘lish, xatolarimizni isloh qilish, rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mana shunday qarorga keldik. 

Biling, biz mana shu diyorning farzandi sifatida yurtimizning barcha islohotlarida faol ishtirok etishda va Vatanimiz ravnaqi uchun o‘zimizning hissamizni qo‘shishda davom etamiz. 

Rahmatli otam, “Bolam, hech qachon el-yurtning oldida nomardlik qilma, mard bo‘l, xiyonat qilma”, deb aytardilar. Bu go‘yoki men va “Yurak amri”dagi barcha yigitlarimizning shioriga aylangan”, deydi fond rahbari.

Sardor Rahimxon bugun mamlakat va Prezident uchun jonini berishga tayyorligini ham qo‘shimcha qilgan: 

“Yurak amri” xayriya fondi jamoasi O‘zbekiston uchun, yurtboshimiz uchun har daqiqa jonimizni berishga tayyor farzandlarmiz. Ikki yillik faoliyatimiz – va’dalarimizning boshlanishi. Mana shu g‘animat daqiqalardan foydalanib, eng avvalo yurtboshimizga, mahalliy hokimiyat organlariga, hokimiyat vakillariga, mahalla raislariga, bee’tibor bo‘lmaganlarga, Adliya vazirligiga, saxiylarga, ko‘ngillilarga, shu vaqtga qadar yonimizda turgan hammaga cheksiz minnatdorligimizni izhor etamiz. 

Biling, azizlar! Siz bo‘lmasangiz, “Yurak amri” bo‘lmasdi. Siz bizga dalda bo‘ldingiz, kuch bo‘ldingiz. G‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shdingiz. Hammangizga ming rahmat. 

Sizlardan bir narsani iltimos qilar edim: “Yurak amri”ga atagan mehr-muhabbatingizni, omonatlaringizni, ehsonlaringizni faoliyati davom etayotgan xayriya fondlariga, jumladan “Mehrli qo‘llar”, “Vaqf” singari fondlarga o‘tkazishingizni iltimos qilar edim. Chunki hammamizning maqsadimiz bir, yo‘limiz bir – mana shu yurtning koriga yarash. 

Alohida bir iltimosim bor edi: meni bu gaplarimni yurakdan qabul qiling, boshqa ma’no yasamang. Biz sizlardan ozgina tanaffus so‘rayapmiz”. 

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Sardor Rahimxon boshchiligidagi “Yurak amri” xayriya jamoat fondi tomonidan Bo‘ka tumanida qurib bitkazilgan 30 ta xonadan kam ta’minlangan oilalarga barcha sharoitlar – uy jihozlari, mebellar, maishiy texnikalar bilan topshirilgan edi. QALAMPIR.UZ ushbu uylar bilan tanishib, Sardor Rahimxondan intervyu olishga muvaffaq bo‘lgandi. Eksklyuziv suhbatda fond rahbari o‘ziga nisbatan fitna va tuhmatlar borligiga ham sha’ma qilgandi.

Ushbu intervyuni quyidagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1248
Reyting: 3.1
t
×