Rasman: Rossiya postsovet, ayniqsa, Markaziy Osiyoda NNTlar ko‘payib borayotganidan bezovta
Olam
−
27 noyabr 2023
18060Amerika Qo‘shma Shtatlari nodavlat-notijorat tashkilotlar (NNT) g‘oyasini ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida ilgari surar ekan, ularni postsovet hududida, xususan, Markaziy Osiyoda o‘rnatishga faol harakat qilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 27 noyabr kuni “Primakov o‘qishlari” forumidagi nutqida so‘z ochdi.
Vazir Qo‘shma Shtatlar tomonidan ilgari surilgan NNTlar g‘oyasini amerikaliklar globallashuv modelining bir qismi sifatida butun dunyoda ilgari surayotgan falsafaning bo‘lagi deb atadi.
“Natijada Vashington minglab nohukumat tashkilotlarni yaratdi, ularning yuzlab, ko‘p yuzlablari postsovet hududida ishlaydi, ayniqsa Armanistonda, ayniqsa Qirg‘izistonda”, deydi bezovtalik bilan Lavrov.
U so‘zida davom etarkan, Ukrainadagi vaziyatga aynan nodavlat tashkilotlar sabab bo‘lganiga shama qildi. Shuningdek, Belarusda Hukumatga qarshi namoyishlarni ham esladi.
“Ularni [NNTlarni] Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan tanishtirishga faol harakat qilmoqdalar. Xo‘sh, Ukraina haqida aytadigan gap yo‘q. [NNTlar] Belarusda ham bor edi”, deydi Lavrov 2020 yilda Minsk va boshqa bir qator shaharlardagi ommaviy norozilik namoyishlarini eslab.
Vazir NNTlarning mustaqilligi masalasiga to‘xtalar ekan, “ularni nohukumat deb atash qiyin”ligini urg‘ulagan.
Uning iddao qilishicha, ko‘plab jamg‘armalar 90 % Amerika byurokratiyasining bir qismi bo‘lgan va byudjet pullarini oladigan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali moliyalashtiriladi.
Lavrov o‘z da’volarini davom ettirib, bunday nodavlat tashkilotlar Vashingtondan kelgan topshiriqqa (partiyaviy chiziqqa) amal qilishini aytdi.
“Bu (chiziq) nohukumat tashkilotlar faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatishdan iborat”, deydi Lavrov.
Lavrov NNTlarni mustaqil deb hisoblash insofsizlik ekanligini qo‘shimcha qilgan va tashkilotning nodavlat xususiyatini aniqlashda namuna sifatida BMTni keltirgan.
“Protsedura bor: agar siz maqom olishni istasangiz, ushbu qo‘mitaga [BMT huzuridagi NNT faoliyat ko‘rsatishni rejalashtirayotgan] murojaat qilishingiz kerak. Qo‘mita a’zolarining ishonchi komilki, bu tashkilot haqiqatda fuqarolik jamiyati yoki qandaydir hukumatning quroli sifatida o‘zini namoyon qiladi. Ba’zi xatolar bor, lekin umuman olganda bu oddiy, shaffof va adolatli jarayon”, deydi u.
LiveBarchasi