Rasman: Prezident Azizovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi
Jamiyat
−
24 noyabr
24569Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Abdumavlonovich Azizovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Abdusalom Azizov O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga esa Bahodir Nizomovich Qurbonov tayinlandi va unga navbatdagi maxsus general-polkovnik harbiy unvoni berildi.
Abdusalom Azizov 2019 yildan beri DXX raisi sifatida ishlab kelayotgandi. Azizov Xavfsizlik kengashida qaysi lavozimda ish boshlashi va bu o‘zgarish nimani anglatishi aniq emas.
Ma’lumot uchun, Abdusalom Abdumavlonovich Azizov 1960 yilning 20 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. 2003-2006 yillarda “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi, 2006-2008 yillarda “O‘zbekneftmahsulot” AK bosh direktori, 2005 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2008 yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2008 yil dekabrdan 2009 yil dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, shu bilan birga O‘zbekiston futbol federatsiyasining vitse-prezidenti, 2009 yildan 2017 yilgacha Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yil yanvardan sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, 2017 yil sentyabrdan 2019 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2017 yilda general-mayor, 2019 yilda general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhammedov Mudofaa vaziri etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi