Rasman: Nazarboyev modelga uylangani va 65 yoshida o‘g‘il ko‘rgani fosh bo‘ldi

Bu qiziq

Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning uch qizdan tashqari yana ikki o‘g‘li ham bor. U bundan bir necha yil avval o‘zidan ancha kichik qiz bilan turmush qurgan va ikki farzand ko‘rgan. Bugungacha sir bo‘lgan ushbu ma’lumotlarni Nazarboyevning o‘zi fosh qildi. U bu haqda “Mening hayotim. Mustaqillikdan ozodlik sari” nomli xotiralar kitobida yozdi.

Kitob hozircha keng jamoatchilik uchun sotuvga chiqarilgani yo‘q, u faqat muallif tomonidan tanlangan siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlarga sovg‘a qilinmoqda. 

Kitobda Nazarboyev siyosiy faoliyati va shaxsiy hayotiga to‘xtalgan. Hammuallif yo‘q, xotiralar Nazarboyev tomonidan shaxsan yozilgan.

Kitobda 2011 yil Janao‘zenda sodir bo‘lgan voqealar, 2019 yilda hokimiyat tranzitiga alohida boblar ajratilgan. Shuningdek, amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayev nomi ham tilga olingan. Ularning munosabatlari haqida bir nechta qiziqarli, ilgari eshitilmagan tafsilotlar bor. 

U ikkinchi turmush o‘rtog‘i – Aysel bilan qanday tanishganini kitobda bunday eslagan:

“Bir kuni menga Toldiqo‘rg‘onga borish nasib etdi. An’anaga ko‘ra, davlat rahbari hududlarga amaliy tashrifi chog‘ida samolyot trapi oldida gullar bilan kutib olinadi. Ma’lumki, bunday marosimda ishtirok etish uchun eng go‘zal mahalliy qizlar tanlab olinadi. Bu biz uzoq vaqtdan beri o‘rganib qolgan chiroyli marosim. 

Aeroportda menga gul sovg‘a qilgan qiz hayratlanarli darajada go‘zal edi. U uzoq vaqt xotiramdan o‘chmadi va keyin tez-tez uning yorqin yuzida yonib turgan ko‘zlari va nafis, chizilgan qomatini esladim”, deb yozgan Nazarboyev. 

Prezident ko‘p vaqt o‘sha qizning ishqida yonadi. Kunlarning birida uning suratini gazeta muqovasida ko‘radi va uni sevib qolganini anglaydi. 

“Kunlar o‘tdi. Toldiqo‘rg‘on aeroportida meni kutib olgan o‘sha go‘zal qizning siymosi xotiramda qayta-qayta jonlanaverdi. Bir kuni uni topish uchun to‘satdan sabab paydo bo‘ldi. Matbuotni ko‘zdan kechirayotgan edim, bir gazetadagi surat meni “uyg‘otib” yubordi: Ostonada “Miss Qozog‘iston” go‘zallik tanlovi o‘tkazilibdi, unda o‘sha qiz (ismi Asel ekan) Gran-prini qo‘lga kiritibdi. Endi uni topish qiyin emasdi. 

Tanishuvimiz o‘zaro iliqlikka, iliqlik esa yaqinlashishga aylandi. Asta-sekin uchrasha boshladik. Aselning tashqi ko‘rinishida ham, fikr-mulohazalarida ham men izlagan ko‘plab fazilatlar bor edi. Va eng muhimi, men yillar davomida davom etgan ruhiy yolg‘izlikdan xalos bo‘ldim”, deb yozgan Nazarboyev.

83 yashar Nazarboyev kitobida Asel bilan Islom odatlariga ko‘ra turmush qurgani, undan ikki o‘g‘il farzand ko‘rgani, 2005 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining ismi Tauman, 2008 yilda dunyoga kelgan o‘g‘lining esmi esa Bayken ekanini yozgan. 

“Otalik quvonchi, chaqalog‘imni o‘pish baxti 65 yoshimda yana qaytdi. Chaqaloqlarimning ilk qadamlari, birinchi so‘zlari va bolalarcha ajoyib nutqi, ularni quchog‘imda ko‘tarib yurish, o‘yinchoqlarining sehrli olami, birinchi sinfga borishi, o‘qigan va yozgan ilk harflarining zavqi, ishdan uyga qaytganimda menga qarab qiqirlab yugurishi... – bularning barchasi poytaxt qurilishi davridagi mashaqqatlarni yengillashtirgandek edi.

O‘sha kunlarni, yillarni mehr bilan yodga olaman. Umuman olganda, hayotdagi eng muhim narsa, eng chinakam va abadiy baxt insonga faqat bola tomonidan va faqat ota-ona bo‘lish sharafi bilan berilishi mumkin”, deydi Nazarboyev.

Uning yozishicha, Asel bilan turmush qurganidan birinchi va jamoatchilikka tanish bo‘lgan turmush o‘rtog‘i, uch qizining onasi Soraning ham xabari bor va u erini kechirgan.

“Yoshligimdan suyanchim bo‘lgan, eng og‘ir sinovli damlarda yonimda turgan uch qizim – Darig‘a, Dinara, Aliyaning onasi Soraga umrim davomida shukronalik, g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lganman. Bu og‘ir hayotda, taqdirimning o‘sha burilish pallasida u meni tushunib, kechirgani bilan ham taskin topdim”, deydi u.

Nazarboyev to‘ng‘ich o‘g‘li Tauman tug‘ilganda turmush o‘rtog‘iga Soraga kelib, bor gapni aytgan va kechirim so‘ragan. Rafiqasi esa “Bola farishta. Bola baxtli bo‘lsin”, deb javob qilgan. Shundan so‘ng qizlari ham uni to‘g‘ri tushungan. 

U, o‘g‘illari qatorida qizlarini ham yaxshi ko‘rishini, ulardan tug‘ilgan farzandlar – nabiralarini hamma bobo kabi ardoqlashini bildirarkan, har qaysi oilaning, otaning familiyasi davomchisi o‘g‘illar bo‘lishini qistirib o‘tgan. 

“Nasabing uzilmasa, umiding uzilmaydi. Hozir ikki o‘g‘lim katta bo‘ldi. Ular bizni xursand qilyapti, yaxshi yigitlar bo‘lib ulg‘ayishdi. Farzandlarni mehr va g‘amxo‘rlik bilan tarbiyalash inson umrini uzaytiradi. 

Bo‘ldi, do‘stlar. Men sizning oldingizga butun haqiqatni aytdim. Bunga nima deyish sizga bog‘liq. Bu hayot! 

Inkor etib bo‘lmaydigan bir haqiqat bor. Haqiqat shundaki, siz yuragingizga buyruq bera olmaysiz”, deb yozgan Nazarboyev.

Eslatib o‘tamiz, Nursulton Nazarboyevning Sora Nazarboyeva bilan turmushidan Darig‘a (1963), Dinara (1967), Aliya (1980) ismli qizlari bor. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing