Rasman: mast holda mashina haydaganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi
Jamiyat
−
21 fevral
7558Endilikda O‘zbekistonda transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu kecha, 20 fevral kuni qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun bilan belgilandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
- Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
- Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
- Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
- Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.
Bunda transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021 yilda 40 542 ta, 2022 yilda 47 365 ta va 2023 yilda 41 866 ta, 2024 yilda 31 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Birgina 2024 yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan.
2024 yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi (transport vositalarini mast holda boshqarish) va 136-moddasi (transport vositalari haydovchilarini va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarini mast holda tekshiruvdan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash) bilan 32 999 nafar shaxsga nisbatan 32 723 ta ish ko‘rib chiqilgan. Xususan, 31 351 nafar fuqaroga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.
LiveBarchasi