Rasman: Markaziy bank raisi lavozimidan ozod etildi
Jamiyat
−
14:20
6073O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
U 2017 yildan beri shu lavozimda ishlab kelayotgan edi. Mamarizo Nurmurodov nima sababdan lavozimidan ozod etilayotgani hozircha ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Mamarizo Nurmurodov 1960 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumot oliy, 1977 yili Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirib, 1982 yili Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan. 1982-1985 yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi institutida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan. 1985-1988 yillarda Moskva moliya institutida iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
1989-1993 yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Toshkent moliya institutida dotsent lavozimlarida ishlagan. 1993-2000 yillarda Ilmiy tadqiqotlar markazi direktori, boshqaruv raisi o‘rinbosari, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2000-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri, 2004-2006 yillarda Samarqand viloyatini hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2006-2017 yillarda Markaziy bank raisi maslahatchisi bo‘lgan. 2017 yildan hozirgacha esa u Markaziy bank raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatiga Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgandi.