Rasman: Maktablarda qishki ta’til kunlari uzaytirildi
Jamiyat
−
09 yanvar 2022
25622O‘zbekistondagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til kunlari 24 yanvargacha uzaytirildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.
“Xalq ta’limi tizimidagi direktor, direktorning o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda pedagog-o‘qituvchilarning xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, o‘quvchi - yoshlar o‘rtasida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish maqsadida xalq ta’limi vazirligi qishki ta’til kunlarini 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qiladi”, deyiladi XTV xabarida.
Qayd etilishicha, ta’til kunlari davomida, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ular uchun onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari xalq ta’limining ijtimoiy tarmoqlari hamda Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021/2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilgandi.
Ma’lumot uchun, XTVning birlamchi ma’lumotiga ko‘ra, qishki ta’til 10 yanvargacha etib belgilangandi.