Rasman: Maqsuda Vorisova prezidentlikka nomzod bo‘ldi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2021
7382Bugun, 6 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XII qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya a’zolari tomonidan hududlardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.
Qurultoy kun tartibida “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risida”gi masalalar ko‘rib chiqildi.
Partiya Markaziy Kengashining 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan plenumida Xalq demokratik partiyasidan O‘zXDP Markaziy Kengashi rais o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Azizovna Vorisova nomzodini ilgari surish haqida qaror qabul qilgan edi.
Qurultoyda O‘zbekiston Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Azizovna Vorisovani nomzod sifatida ko‘rsatish haqida yakdil qaror qabul qilindi.
Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturi muhokama qilindi.
Dastur loyihasining asosiy maqsadi mamlakatda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos bo‘lgan davlat va jamiyat barpo etishdir.
Dastur loyihasida to‘qqizta yo‘nalishda taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan:
• aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish;
• har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash;
• olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash;
• aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli, shu jumladan profilaktika tibbiy xizmatlarni o‘z ichiga olgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
• yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash;
• pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimni shakllantirish;
• kam ta’minlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatimizning faol ishtirokchisiga aylantirish;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid xalqaro me’yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
• umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatiladigan nomzodning Saylovoldi dasturi tasdiqlandi.
LiveBarchasi