Pivo ichgan ayollarda “pivo mo‘ylabi” paydo bo‘ladi – Maqsuda Vorisova
Salomatlik
−
16 dekabr 2021
30697Pivo iste’mol qilish ayollarda testosteron gormoni miqdorining oshishi, lab ustida mo‘ylar o‘sib “pivo mo‘ylabi” paydo bo‘lishiga, shuningdek bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda so‘nggi Prezident saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsudova Vorisovaning Parlament quyi palatasi saytida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.
Asli kasbi shifokor bo‘lgan Vorisovaning yozishicha, “Aksariyat kasalliklarning oldini olishda insonning kechirayotgan turmush tarzi katta ahamiyatga ega”.
Uning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga tayanib qayd etishicha, o‘limga olib keluvchi sabab sifatida spirtli ichimliklar dunyoda o‘sma va yurak qon tomir kasalliklaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Uning oqibatida inson umri 15-20 yoshga qisqaradi. Akademik Pavlov oz miqdorda spirtli ichimlik ichish natijasida buzilgan reflekslar 7-11 kundan keyin o‘ziga kelishini aniqlagan.
“Shuningdek, Ispaniya, Germaniya va Italiya olimlari “JAMA Psychiatry” jurnalida alkogolning miyaga ta’sirini zamonaviy texnologiyalar bilan aniqlab maqola chop etishgan. Unda spirtli ichimlik ichish to‘xtatilgandan keyin yana 6 hafta (bir yarim oy) davomida miyaga kuchli ziyoni tegib turishi aniqlangan.
Tadqiqotlar natijasida alkogolning eng oz miqdori ham inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Ammo aholi o‘rtasida kam foizli spirtli ichimliklar insonga zarar qilmasligi, ba’zan esa foyda berishi haqida fikrlar mavjud. Shu o‘rinda eng zararsiz deb hisoblangan pivo ichimligining zarari haqida ba’zi faktlarni keltirmoqchimiz.
Bu ichimlik haqida turli qarashlar mavjud, ularning ba’zilari afsona bo‘lsa, ba’zilarida haqiqat bor”, deb yozadi Vorisova.
Vorisova keltirgan faktlarga ko‘ra:
• Pivo semitiradi. Agar boshqa mahsulotlar ham me’yordan ortiqcha iste’mol qilinsa, xuddi shunday semirish mumkin.
• Pivo iste’molidan qorin kattalashadi. Bu haqiqatlardan biri bo‘lib, pivo tarkibidagi fitogormonlar ta’sirida ortiqcha kaloriyalar qorin sohasida to‘plana boshlaydi.
• Pivo boshqa spirtli ichimliklarga nisbatan xavfsiz. To‘g‘ri, pivo tarkibida spirt nisbatan kam. Lekin uning ko‘p iste’mol qilinishi natijasida organizmga kiradigan spirt miqdori me’yordan ancha oshadi.
• Alkogolsiz pivo bezarar. Amalda bu fikr haqiqat emas. Chunki uning tarkibida ham oz miqdorda bo‘lsa-da spirt bor. Shuning uchun uni doimiy iste’mol qilish pivo alkogolizmiga sabab bo‘ladi. Oddiy pivoga nisbatan bunday pivo tarkibidagi “kobalt” miqdorining ko‘proq bo‘lishi esa yurak- qon tomir tizimi faoliyati buzilishiga olib keladi.
• Ko‘pincha, pivo chanqoqbosdi ichimlik sifatida targ‘ib qilinadi. Aslida pivodagi peshob haydash xususiyati tanadagi suyuqlikni kamaytirish oqibatida chanqoq kuchayadi va yanada ko‘proq pivo iste’mol qilinishiga sabab bo‘ladi.
Ushbu ichimlikni o‘rtacha miqdorda bo‘lsa ham har kuni iste’mol qilish pivo alkogolizmi shakllanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa organizmda quyidagi salbiy asoratlarga olib keladi:
• ichki a’zolarning kattalashuvi va faoliyati buzilishi;
• qon bosimi ko‘tarilishi;
• zehn va xotira susayishi;
• asabiylik;
• bosh miya hujayralarining o‘limi;
• gepatit, jigar sirrozi va b.q.
Vorisova maqolaning so‘ngida asosiy masalaga urg‘u bergan. Uning urg‘ulashicha, pivo ayolni erkakka, erkakni ayolga “aylantiradi”.
“Pivo ayol va erkak organizmining gormonal holatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pikli ichimlik ishtahani ochgani sababli iste’mol qilinadigan oziq-ovqat miqdori oshib boradi. Natijada semizlik yuzaga keladi. Pivo tarkibidagi achitqilar moddalar almashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida muskullar kuchsizlanadi. Ichimlik tarkibidagi ksantogumol erkaklik gormoni – testosteron ishlab chiqarishni pasaytirib, uni ayollik gormoni bo‘lmish esterogenga almashtiradi. Shunisi qiziqki ayollarga ta’sir aksincha bo‘lib, ularda testosteron miqdori oshadi, lab ustida mo‘ylar o‘sib “pivo mo‘ylabi” paydo bo‘ladi, pushtsizlik yuzaga kelishi mumkin”, deb yozadi Vorisova.
LiveBarchasi