Rasman: Xususiy tur operatorlarga Umra ziyoratini tashkil etish huquqi berildi
Jamiyat
−
08 avgust 2023
6959O‘zbekistonda xususiy tur kompaniyalariga Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini tashkil etish huquqini berish bo‘yicha talablar tasdiqlandi. Bu bo‘yicha bugun, 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yo‘nalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
• 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
• “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
• “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
• “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
• “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:
• mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bog‘liq xizmati beg‘araz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza to‘lovlari va boshqalar) “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;
• mutaxassis turoperatorning so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;
• 1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.
2023 yil 1 oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.
LiveBarchasi