Ramzan Qodirovning tanqidchisi Qirg‘izistonda ushlandi

Olam

image

Chechenistonlik faol Mansur Movlayev Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani uchun hibsga olindi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.

Movlayevning advokati Baxit Avtandilning ma’lum qilishicha, Bishkekning Pervomayskiy tumani sudi uni olti oyga ozodlikdan mahrum etish, so‘ng mamlakatdan deportatsiya qilish haqida hukm chiqargan.

“Mansur Movlayev Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Chegarani noqonuniy kesib o‘tish” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga olti oyga umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida jazo tayinlandi. Hukmning boshlanishi 20 avgustdan hisoblanadi. Hukm qonuniy kuchga kirgan va jazo o‘talganidan keyin sud uni mamlakatdan chiqarib yuboradi”, deyiladi bu haqdagi xabarda.

Movlayev Qirg‘izistonda jazolanishini so‘ragan, chunki u Checheniston xavfsizlik kuchlari tomonidan qiynoqqa solinishidan qo‘rqqan.

“Men jazoni o‘tashga tayyorman. Ushbu noqonuniy harakatim uchun jarima to‘lashim ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, hayotimni saqlab qolish uchun ikki yil qamoq jazosi berishlarini so‘rayman. Tirik qolish uchun bu yerda o‘n yil qamoqda o‘tirishga tayyorman”, degan Movlayev so‘nggi so‘zida.

Ma’lumot o‘rnida, Mansur Movlayev bir necha bor Chechenistonda inson huquqlari buzilishi va siyosiy repressiyalarga qarshi chiqqan. U respublika rahbari Ramzan Qodirovni tanqid qilgan. 2020 yilda faol uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2022 yilda Movlayev shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan, biroq u Chechenistonning Shalinskiy tumani ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hibsga olingan. Movlayev Rossiyadan qochishga muvaffaq bo‘lgan va federal qidiruvga berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Grozniyning Axmatov rayoni sudida chechenistonlik sobiq sudyaning rafiqasi va huquq faollarining onasi Zarema Musayeva firibgarlik ayblovi bo‘yicha sud qilinib, besh yarim yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilingandi.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ramzan Qodirov tanqidchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing