Ramzan Qodirov Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Olam
−
16 avgust 2021
11320Kecha, 15 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov vafot etgani haqida xabar bergan edik. Checheniston davlat rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram kanalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Qodirov muftiyning o‘limi haqidagi xabarni qayg‘u bilan qabul qilgan. U Shayx Usmonxon Alimov Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya Qahramoni Ahmad Hoji Qodirovning yaqin do‘sti bo‘lganini, ular 1980 yillardan beri tanish ekanini, birgalikda Toshkent islom institutida birga o‘qishganini qayd etgan.
“Men ham Usmonxon Alimov bilan ko‘p marta uchrashganman. Biz nafaqat Grozniyda, balki O‘zbekistonda ham ko‘rishganmiz. Toshkentga safarim chog‘ida u meni juda samimiy kutib oldi, yuqori darajadagi mehmondo‘stlikni ta’minladi, Ahmad Hoji bilan o‘qigan yillarini esladi va bu haqda gapirdi. U juda dono, taqvodor va kamtar odam edi”, deydi u.
Qodirov Usmonxon Alimovni butun musulmon olami tanigani, hurmat qilgani va qadrlaganini ta’kidlagan.
“U o‘z hayotini Islom dinini o‘rganish va tarqatishga bag‘ishlagan, u Qur’on va Sunnat haqida bebaho bilim olgan ko‘plab taniqli insonlarni tarbiyalagan. 2006 yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasida faoliyat olib borgan. Shayx maruzalarida har doim yaxshilikka chaqirib, haromdan ehtiyot bo‘lishni aytgan. Shu kunlarda bizning qalbimiz qardosh O‘zbekiston xalqi bilan. O‘zbekistonning hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, Shayx Usmonxon Alimovning oilasi va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiraman! Alloh taolo birodarimizga rahm qilsin!” degan Checheniston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Usmonxon Alimov o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha Moskvadagi shifoxonada davolanayotgandi. Uning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham hamdardlik bildirdi.
LiveBarchasi