Ramzan Qodirov senator Kerimovdan “qonli qasos” olishga va’da berdi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov dog‘istonlik senator Sulaymon Kerimov va Davlat dumasining ikki deputatiga qarshi rasman “qonli qasos” e’lon qilishini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida joylagan videoda so‘z ochgan.

Qodirov o‘z kanalida Checheniston xavfsizlik bloki qo‘mondonlari va rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qilgan. Xabar bilan birga u asosan chechen tilida gaplashilgan uchrashuvdan parchalar aks etgan to‘qqiz daqiqalik videoni chop etdi.

TASS agentligining yozishicha, Qodirov Kerimov, shuningdek, Davlat dumasi deputatlari Bexan Baraxoyev va Rizvan Qurbonovni Wildberries ofisidagi voqea kontekstida tilga olgan. 

“Agar ular aksini isbotlamasa, Baraxoev, Kerimov Sulaymon, Qurbonov Rizvonga qarshi rasman qonli qasosni e’lon qilaman. Guvohlar bor, ular buyurtma bergan odamlar bor, ular Ramzan Qodirovning o‘ldirilishi uchun buyurtmani qanchaga qabul qilishi mumkinligini so‘rashgan”, degan Checheniston rahbari.

Aniqlik kiritilishicha, Qodirov Wildberries ofisi yaqinidagi otishma muhokamasidan keyin Kerimov haqida gapira boshlagan.

“U yerda biznes bilan bog‘liq vaziyat bor edi. U yerda Bexan Baraxoyev, Sulaymon Kerimov, Rizvan Qurbonov bor edi. Ularning o‘z bizneslari bor", deydi Qodirov.

Qodirov o‘zining Telegram-kanalidagi postida, shuningdek, uchrashuv chog‘ida Wildberries kompaniyasi ofisidagi voqeani muhokama qilishganini yozadi.

 “Bunga astoydil milliy rang berib, mojaroning qo‘zg‘atuvchilari go‘yoki Qodirovning odamlari ekanini aytadiganlar bor. Men bu mavzuni shishirayotgan barchaga murojaat qilaman. Agar kimdir Qodirovning odamlariga nisbatan shikoyati bo‘lsa, uni shaxsan menga bildirsin, chunki men asosiy Qodirovman”, deb yozgan Checheniston rahbari.

Ma’lumot uchun, 18 sentyabr kuni tushdan keyin Moskvadagi Wildberries markaziy ofisida otishma yuz berdi. Wildberries asoschisi Vladislav Bakalchuk bir nechta chechenlar bilan birga kompaniya ofisining eshigi oldiga kelgan. Shundan so‘ng, ular va kompaniya xavfsizligi xodimlari o‘rtasida otishma sodir bo‘lib, ikki ingush qo‘riqchisi halok bo‘ldi.

Kompaniya matbuot xizmatining bildirishicha, Vladislav Bakalchuk xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda binoga noqonuniy ravishda kirishga uringan. Uning o‘zi esa oldindan kelishilgan uchrashuvga kelganini da’vo qilmoqda.

Vladislav Bakalchuk hibsga olingan, biroq bir kundan keyin u qo‘yib yuborilgan. Otishma Bakalchuk juftligining ajralishi, shuningdek, Wildberries va tashqi reklama operatori Russ’ning birlashishi fonida sodir bo‘ldi. 

Federal antimonopoliya xizmati Wildberries va tashqi reklama operatori Russ’ning birlashishini ma’qullagan va aynan shu kelishuv er-xotinlar o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘ldi. RusOutdoor aka-uka Mirzoyanlarga tegishli bo‘lib, ular Federatsiya Kengashi a’zosi va Dog‘istonning "soya kardinali" Sulaymon Kerimov bilan uzoq muddatli biznes aloqalariga ega.
Bo‘lajak kelishuv iyun oyida ommaga ma’lum bo‘ldi. Bitim taraflari huquqiy va moliyaviy parametrlarni, shuningdek, birlashish formatini oshkor qilmadi.

Oradan ko‘p o‘tmay Ramzan Qodirov Vladislav Bakalchuk ishtirokidagi videoni e’lon qildi va kompaniyada “bosqinchilik” sodir bo‘layotganini aytdi. Iyun oyining oxirida Wildberries asoschisi Tatyana Bakalchuk eri bilan ajrashish uchun sudga da’vo qildi. U bunga javoban xotiniga "ta’sir o‘tkazishayotganini" va u "yordamga muhtojligini" aytdi.

Biznesni hozirda aslida Tatyana Kim (sobiq Bakalchuk) boshqaradi, biroq uning eri ham ajralish jarayoni boshlanganidan beri kompaniyaga da’vo qilgan. Vladislav Bakalchukning o‘zi Qodirov bilan sakkiz yildan beri tanishganini va do‘st bo‘lganini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston qonli qasos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing