Ramzan Qodirov qurdirgan eng katta masjidni o‘zbek arxitektori loyihalashtirgani aytildi

Jamiyat

image

Bugun, 23 avgust kuni Chechenistonda Yevropadagi eng katta masjid deya e’tirof etilayotgan masjid ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Ishchi nomi “Ramzan Qodirov”, “Musulmonlar iftixori” deb nomlangan ushbu masjidga payg‘ambar Muhammad s.a.v.ning nomi berilishi kutilmoqda. 

E’tiborli jihati shundaki, Shali shahrida qad rostlagan ulug‘vor va ko‘rkam masjid ko‘p asrlik boy me’morchilik an’analarini bezavol saqlab kelayotgan mahoratli va qo‘li gul o‘zbek me’morlari tomonidan loyihalashtirilgan va Markaziy Osiyoga xos uslubda barpo etilgan.

Loyiha muallifi – O‘zbekistonda ko‘plab masjidlarni yaratishda ishtirok etgan o‘zbekistonlik arxitektor Abduqahhor Turdiyev. Uning aytishicha, dunyoda Shali masjidiga o‘xshash masjid dunyoning hech bir burchagida yo‘q.
 
“Bu dunyoda tengi yo‘q noyob loyiha. Albatta, ba’zi narsalar takrorlanadi, masalan, Samarqand, Buxoro me’morchiligining an’analari Islom sivilizatsiyasi va Chechen milliy me’morchiligi elementlari bilan birgalikda ishlatilgan”, deydi u.
 
Arxitektorning so‘zlariga ko‘ra, loyihaga Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning taklif va mulohazalari asosida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.  

“Hudud juda katta – besh gektar, bino qurilgan maydon esa bir gektar. Dam olish kunlari masjidda 100 mingga yaqin odam yig‘ilishi mumkin. Men shunday go‘zal arxitekturani yaratganimdan juda mamnunman”, deydi Abduqahhor Turdiyev.

2012 yilda qurilishi boshlangan ushbu masjid to‘rt tomondan kirish qismiga ega. Binoning tashqi va ichki tomoni oq rangdagi toshlar, o‘zbekona uslubdagi ornament va naqshlar bilan bezatilgan, sharqona bezaklar bilan uyg‘unlashib ketgan. Masjid qadimiy Buxoro va Samarqand masjidlari uslubiga o‘xshash. Uni chor atrofdan to‘rt minora o‘rab turadi. Ularning har birining balandligi 63 metrni tashkil etadi. Masjid gumbazlari esa 43 metr balandlikda barpo etilgan. Masjidning ichki va tashqi devorlari oq yunon marmari bilan bezatilgan.

Ma’lumotlarda qayd etilishicha, ushbu masjid Yevropa mintaqasidagi eng yirik masjid hisoblanadi. Masjidda bir vaqtning o‘zida 30 mingdan ziyod kishi ibodat qilishi mumkin ekan.

Masjid ochilish marosimi doirasida Durdi shayx nomidagi Qur’on hofizlari maktabining tantanali ochilishi, xalqaro Qur’on musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash, Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ga bag‘ishlangan eng yaxshi nashida musobaqasi g‘oliblari chiqishlari kabi marosimlar ham o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing