Ramzan Qodirov hokimiyatdan to‘yib ketganini aytdi
Olam
−
09:18 5673 2 daqiqa
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov hokimiyatdan to‘yganini aytdi. Bu haqda u kecha, 14 dekabr kuni jurnalistlar savoliga javoban ma’lum qildi.
Qodirov 2026 yilda qayta saylanish ehtimoli haqidagi savolga javoban u hokimiyat va xalqqa xizmat qilishdan to‘yib ketganini aytgan.
“Agar mendan so‘rasangiz, men bu hokimiyatdan ham, xalqqa xizmat qilishdan ham to‘yib ketdim. Menimcha, yangi kuchlar, yangi odamlar qiziqroq bo‘lardi, vaziyat ham yaxshilanardi, agar boshqa odamlar bo‘lsa”, degan Qodirov.
Shu bilan birga, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin taklif etsa va xalq qo‘llab-quvvatlasa, saylovda qatnashishini bildirgan. Qodirov, shuningdek, umrining oxirigacha xalqqa xizmat qilish yo‘lidan chekinmasligini ta’kidlagan.
Ramzan Qodirov Checheniston Respublikasiga 2007 yil 5 aprelidan beri rahbarlik qilib kelmoqda va hozirda Rossiya hududlari orasida eng uzoq muddat lavozimda qolayotgan rahbar hisoblanadi. U oxirgi marta 2021 yil sentyabr oyida qayta saylangan bo‘lib, o‘shanda 94,42 foiz ishtirokda 99,7 foiz ovoz to‘plagan. Qodirovning vakolat muddati 2026 yilda yakunlanadi.
2022 yil sentyabr oyida u lavozimda uzoq qolib ketganini va “cheksiz hamda uzoq ta’til”ga loyiq ekanini aytgan edi. O‘shanda u bu fikri tushunilib, qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirgan.
Biroq 2023 yil iyul oyida Checheniston rahbari yana o‘z nomzodini navbatdagi muddatga ilgari surish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
2025 yil may oyining boshida Qodirov yana pozitsiyasini o‘zgartirib, lavozimdan ozod etishni so‘raganini aytdi. Jurnalistlar uning iste’fosi haqidagi mish-mishlar yuzasidan savol berganida, u bu gaplar rost ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni Turkiyaning Bodrum shahrida dam olayotgan Qodirov og‘ir ahvolga tushib, nafas ololmay qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Qodirov cho‘milayotganida o‘zini o‘nglolmay deyarli cho‘kib ketgan. Xabarlarga ko‘ra, siyosatchi suvga kirganida o‘zini yomon his qila boshlagan, biroq yaqin atrofda bo‘lgan qutqaruvchilar unga o‘z vaqtida yordam bergan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Qodirov hukumat yig‘ilishida qatnashib, o‘zining sog‘lom ekanini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi