Ramos, Asensio va boshqalar — Yevro-2020 da qatnasholmaydigan yulduzlar ramziy jamoasi tuzildi
Sport
−
02 iyun 2021
5184Britaniyaning mashhur “Goal.com” nashri tez orada start oladigan Yevropa chempionati haqida bir qator materiallar e’lon qilib bormoqda. Bu safar Yevro-2020 da ishtirok eta olmaydigan mashhur futbolchilardan iborat ramziy jamoa tuzildi.
Tarkib quyidagicha (taktika 5-2-3):
Darvozabon: Kepa Arrizabalaga. Dunyoning eng qimmat darvozaboni bu mavsum to‘lig‘icha zaxiraga “mixlanib” qolgani sababli terma jamoaga chaqirilishga loyiq ko‘rilmadi. Futbolchining “Chelsi”dagi kelajagi ham so‘roq ostida qolmoqda.
Chap qanot himoyachisi: Teo Ernandes. Shu paytga qadar terma jamoaga chaqirilgan Teoning o‘rniga Desham bu safar “Manchester Siti” himoyachisi Aymerik Lyaportni ma’qul ko‘rdi va omadli mavsum o‘tkazgan Ernandesni yo‘llanmasiz qoldirdi.
Markaziy himoyachi: Dayo Upamekano. Yaqinda “Bavariya”ga transfer qilingan fransuz futbolchisiga Dide Desham asosiy tarkibdan joy topib bera olmadi. Upamekano Yevro-2020 ni tribunadan turib kuzatadi.
Markaziy himoyachi: Serxio Ramos. “Real”ning tirik afsonasi hamda sardori bu safar terma jamoasiga yordam bera olmaydi. Umuman olganda u jismoniy jihatdan ancha toliqqan. Oxirgi marta u joriy yilning yanvar oyida 90 daqiqa maydonda harakat qilgan. Jarohatlar tufayli Ramos qizg‘in chempionatni o‘tkazib yuboradi.
Markaziy himoyachi: Sven Botman. “Lill” safida PSJni titulsiz qoldirgan himoyachi Gollandiya termasiga chaqirilmadi. Bu qarorga ko‘pchilik xayron qoldi, biroq bosh murabbiy Frank De Bur o‘z tarkibidan unga joy topib bera olmadi.
O‘ng qanot himoyachisi: Hans Xatebor. “Atalanta” bilan A Seriya bronza medalini qo‘lga kiritgan futbolchi og‘ir jarohati sabab yirik turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Frank de Bur jamoasi usiz qiynalishi aniq.
Yarim himoyachi: Eduardo Kamavinga. “Renn”ning yosh yulduzi o‘tgan yili terma jamoada debyutini amalga oshirgan va terma jamoasi safidagi so‘nggi 100 yilda gol kiritgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirgandi. Biroq Desham o‘z tarkibiga uni loyiq ko‘rmadi. Balki, uni 2020 yil Jahon chempionatida ko‘rarmiz...
Yarim himoyachi: Sandro Tonali. Hali-hanuz Italiyaning eng yosh umidli futbolchisi sifatida qaralayotgan Tonali “Milan”dagi debyut mavsumini u qadar omadli tarzda o‘tkazgani yo‘q va zaxiraga “mixlanib” qoldi. Shu sabab u terma jamoaga ham chaqirilmadi.
Chap qanot hujumchisi: Marko Asensio. Bu qahramon ham yirik turnirni jarohati sabab o‘tkazib yuboradi. 25 yoshli futbolchi terma jamoasining asosiy figuralaridan biri edi, biroq u musobaqani maydon tashqarisidan kuzatishga majbur.
O‘ng qanot hujumchisi: Yulian Draksler. Nihoyat eski shogirdlari bo‘lmish Myuller hamda Hummelsni tarkibga qaytargan Lyov bu safar Drakslerni “unutib qoldirdi”. Nemis mutaxassisining noodatiy qarorlaridan biri.
Markaziy hujumchi: Moyze Kin. Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini jamoa hujum chizig‘idagi raqobatni o‘ta kuchli deb hisoblagan holda Kinni bu raqobatga dosh berolmaydi, deb topdi. Shunday bo‘lsa-da, hujumchi so‘nib qolmaydi. Uning kelajagi hali oldinda.
Abdulla Mannonov
LiveBarchasi