Ramazon suhbatlari: Yaxshilikning oxiri najot topishlikdir

Foydali

Yaxshilik – Allohning amri. Iymon va vijdon amri. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Yaxshilik qilinglar, shoyad najot topsangiz”. Alloh taolo yaxshilikka buyura turib, uning natijasi najot ekanligini ma’lum qilyapti.

QALAMPIR.UZ tahririyati tomonidan muqaddas Ramazon oyida tashkil etilgan dilbar suhbatlarning navbatdagi mavzusi insoniy fazilatlarning a’lolaridan biri bo‘lmish yaxshilik haqida bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov quyidagilarni so‘zlab berdi. 

“Yaxshilik deganda nafaqat moddiy tomondan, balki birgina shirin so‘z ham tushuniladi. Birgina shirin so‘zimiz ham insonlar uchun sadoqot, ehson hisoblanadi. Birodariga tabassum bilan qarash, ochiq yuzli bo‘lish ham yaxshilikdir. Farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya berish ham yaxshiliklardan biridir. Nimaiki savob bo‘lsa, insoniyat uchun manfaat bo‘lsa bu yaxshilik bo‘ladi. 

Yaxshilikning natijasida kimningdir ko‘ngli shod bo‘ladi, boshqa birovning esa ishi bitadi. Yana birovning qozoni qaynaydi. Lekin bitta narsani esdan chiqarmaslik lozim – yaxshilik qilgan odam undan-da katta foyda ko‘radi. Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, solih ish qilsa, o‘zi uchun”. Albatta, yaxshilik ortidan kimningdir ishi bitadi, ammo eng katta foydani yaxshilik qilgan odamning o‘zi ko‘radi”.

Suhbatdoshimiz bunga misol tariqasida quyidagi voqeani so‘zlab berdilar. 

“Payg‘ambarimiz alayhissalomning xonadonlarida bir qo‘y so‘yildi. Oysha onamiz shu qo‘yni taqsim qildilar. Rasuli Akram alayhissalom kelgach, onamizdan “qo‘ydan uyga nima qoldi?”, deb so‘radilar? Shunda onamiz “bitta o‘ng qo‘li qoldi”, dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘yning o‘ng qo‘lini yaxshi ko‘rar edilar. Buni bilgan onasiz ham qo‘yning o‘qng qo‘lini olib qolib, qolganlarini tarqatgan edilar. Shunda Rasuli Akram alayhissalom “qo‘lidan boshqa hammasi o‘zimizniki bo‘libdi-ku”, dedilar. E’tibor bering, uyga qolgani demayaptilar, balki tarqatib yuborganimiz bizniki deyaptilar.

Bugungi sinovli kunlarda qanchadan qancha kishilar yaxshilik qilmoqda, saxovat qilmoqda, xayr-ehson qilmoqda. Bularning ortidan qanchadan qancha xonadonlarda xursandchilik kirib kelmoqda, qora qozonlar qaynamoqda. Masalan, 100 ta xonadonga xayr-ehson etib yaxshilik qilinayotgan bo‘lsa, undan ham ko‘p foydani o‘sha ishni qilgan odam ko‘radi”, dedi Rahimberdi domla Rahmonov.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

11

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing