Ramazon suhbatlari: Isrofgarchilik – Alloh taolo xush ko‘rmaydigan amallardan biri

Foydali

Islom dinida isrof harom qilingan. Undan saqlanishligimiz vojib. Isrofga yo‘l qo‘yish Alloh taoloning ne’matlarini zoye qilishlik. Shu sabab Alloh va uning Rasuli bandalarini qaytargan.

Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan navbatdagi suhbatimiz mavzusi insonga berilgan ne’matlar va uning isrof etilishi haqida bo‘ldi.

“Alloh taolo Qur’oni Karimda marahamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar. Alloh isrofgarlarni xush ko‘rmaydi”. Banda xohlaganicha yeb-ichsin. Istagan kiyimini kiysin. Lekin sharti shu-ki, banda isrofga yo‘q qo‘ymasin. Alloh taolo Qur’oni Karimda Fira’vn alayhi la’nani malomat qilib shunday deydi: “U isrofgarlardan edi”. Tug‘yonga ketgan, ne’matning xaddini bilmagan odam bo‘lganligi uchun Alloh taolo uni ana shunday sifatlayapti. 

Tarixda shunday qavmlar bo‘lgan-ki, aynan isrofgarligining sababidan ularning boshlariga balo kelgan. Ne’matni isrof qilish, albatta, bu aqlsizlik, Alloh taologa tug‘yon qilishlik, osiy bo‘lishlik. Chunki banda berilgan ne’matlarga hisob qilinadi. Moddiy yoki nomoddiy bo‘lishidan qat’i nazar banda bu ne’matlarning qadriga yetish kerak”, dedi suhbatdoshimiz.

Sa’d ibn Abbos roziyallohu anhu tahoratga suvni ko‘p ishlatayotganlarini ko‘rgan Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Nima bu isrof, ey Sa’d. Garchi oqar suvning bo‘yida o‘tirgan bo‘lsang-da, keragidan oshig‘ini ishlatishing isrof”, dedilar.

Ne’mat deganda qo‘limiz ushlaydigan noz-ne’mat emas, balki nomoddiy ne’matlar ham tushuniladi. Bularni ham isrof qilmaslik lozim. Masalan, umr ne’mati. Inson o‘z umrini nimaga sarf qilganligi borasida, albatta, hisobga tutiladi. Ba’zi bir odamlar zerikish bahonasida vaqtini behuda narsalarga, suhbatlarga, mashg‘ulotlarga sarflaydi. Ilmning isrofi ham og‘irdir. Bu ne’matni olsa-yu, uni tarqatmasa, shogird chiqarmasa, bilganidan birovni manfaatdor qilmasa, bu ilm ham isrof.

“Xonadonlarda elektr energiyasi, suv va gazlarning isrofiga ham yo‘l qo‘yilyapti. Ba’zi bir joylarda “gugurt chaqib o‘tiramanmi, baribir keyin yoqaman-ku” qabilida gazni kun davomida past etib yoqib qo‘yish. Keraksiz joylarda chiroqlarni yoqib qo‘yishimiz, muzlab qolmasligi uchun suvlarni tomchilatib oqizib qo‘yish isrofdir. Dunyoda hozir 2 mlrd ga yaqin odam suvsizlikdan qiynalyapti. Yoki shunday davlatlar borki, toza suv ichimligini atrof mamlakatlardan sotib oladi. Masalan, Saudiya Arabistoni Filippindan sotib oladi. Gollandiya esa Daniyadan, Singapur esa Malayziyadan sotib oladi. Allohgu shukr, O‘zbekiston sersuv davlat. Yer ostidan chiqayotgan toza suvlarni isrof etmasligimiz lozim. 

Farzandlarimizni, shogirdlarimizni ne’matni qadrlashga, ulug‘lashga, uni isrof qilmaslikka o‘rgatishimiz lozim. Ne’matga zoriqish bilan uning qadri bilinadi. Ramazonda bandaning ko‘ngli ko‘p narsalarni tusaydi, turli noz-ne’matlarni istaydi. Ammo sabr etadi. Mana shu muqaddas oy mobaynida, ne’matlarga zoriqish asnosida uning qadriga yetish o‘rganiladi”, dedi Rahimberdi domla Rahmonov.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

21

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing