Raqobat qo‘mitasi yana ikkita korxonani jarimaga tortdi
3-sahifa
−
14 avgust
4278Raqobat qo‘mitasi “Orient Group Management” MCHJ hamda “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MCHJ QKga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 26-moddasiga asosan iqtisodiy konsentratsiya hisoblangan bitim tomonlarining biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lgan shaxslar yoki shaxslar guruhi O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan mas’uliyati cheklangan jamiyatning ulushlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish belgilangan.
Shunga qaramasdan, “Orient Group Management” MCHJ tomonidan joriy yilning 16 may sanasida “Highway Logistics Center” MCHJning ustav fondini ko‘paytirish orqali uning 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagani ma’lum bo‘lgan. Bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmaganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Orient Group Management” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topilgan hamda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, Maxsus komissiyaning ushbu qarori ustidan “Orient Group Management” MCHJ sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Bundan tashqari, “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MCHJ QK tomonidan joriy yilning 23 iyul sanasida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmasdan aynan yana “Highway Logistics Center” MCHJning ustav fondidan 45 foiz ulush olinganligi holati aniqlangan.
Natijada, ushbu holatda ham Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” MCHJ QKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuning 26-moddasi talablari buzilgan deb topilgan hamda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligi yuzasidan barcha davlat va nodavlat telekanallarga ko‘rsatma xati yuborgandi.
LiveBarchasi