Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yo‘q – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 sentyabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yo‘nalishga o‘z vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar taraqqiyotdan orqada qolyapti.

2020 yil mamlakatda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28 aprelda davlat rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bugungi videoselektor yig‘ilishida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil yakuni va 2021 yil birinchi choragiga mo‘ljallangan loyihalar muhokama etildi.

"Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish bo‘lmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni o‘ziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur o‘rganishi kerak", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil yakuni bo‘yicha har bir tarmoq va hudud rahbari raqamli iqtisodiyot sohasida keskin o‘zgarish qilishi zarurligi aytildi. Prezident bu yangilanishlarni odamlar o‘z hayotida, byurokratiya va korrupsiya kamaygani misolida, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tezlashganida sezishi lozimligini ta’kidladi.

Tuman va shahar hokimlari bir oyda 2-3 kun faqat raqamlashtirish bilan shaxsan shug‘ullanishi belgilandi. Ularning faoliyatiga hududda raqamlashtirish qay darajada yo‘lga qo‘yilganiga qarab baho beriladi. Bu sohada yaxshi natija ko‘rsatgan rahbarlarga 30 foizgacha ustama joriy qilinadi.

Davlat rahbari har doim avvalo aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilish zarurligini ta’kidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan.

Xususan, joriy yil yakunigacha 14 va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanda odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

Masalan, “Elektron poliklinika” tizimini joriy qilish orqali qog‘oz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish 60 foizga qisqaradi. Buning uchun markaziy shifoxona va poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish lozim.

Bugungi kunda Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlari joriy etilmoqda. Ushbu dasturlar kelgusi yili Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Shuningdek, “elektron kundalik”, “elektron darslik”, “o‘qituvchilarni baholash” tizimlarini barcha hududlarda joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilda belgilangan 14 tumanda ijtimoiy muassasalarni to‘liq raqamlashtirib, qolgan hududlar uchun namuna qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Raqamlashtirish iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkorlik va samaradorlikni ta’minlaydi. Masalan, Toyloq va Oqdaryo tumanlaridagi shag‘al kavlab olish karerida mashinalarning yuk hajmini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida oylik tushum 3 milliard so‘mdan 8 milliard so‘mga oshgan.

Davlat soliq qo‘mitasiga noruda karerlardan foydalanishda “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, buning uchun yer qa’ri kavlanishi, yuk hajmi va mashinalar harakatini nazorat qiluvchi elektron tizimlarni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda sanoat tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

"Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yo‘q", deya ta’kidladi Prezident.

Kelgusi uch yilda neft, gaz va energetika sohasida 18 ta, metallurgiya bo‘yicha 12 ta, avtosanoat tizimida 9 ta, kimyo sanoatida 8 ta, tog‘-kon geologiya tarmog‘ida 4 ta raqamlashtirish loyihasi rejalashtirilgan.

Misol uchun, Muborak va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida avtomatlashgan dispetcherlik xizmati joriy etilgani tufayli yiliga 50 million kub metr gaz va 650 ming kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qilishga zamin yaratildi. Asakadagi avtomobil zavodida logistika, xaridlar, xomashyo va butlovchi qismlar harakatini raqamlashtirish orqali 41 million dollar tejash mumkin. Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatidagi “Yoshlik-1” va “Qolmoqqir” konlarida transport kompleksi avtomatlashgan boshqaruv tizimini joriy qilish ham shunday samarali loyihalardan. Bu orqali yiliga 28 milliard so‘mlik mablag‘ tejaladi.

Prezident barcha loyihalarga mas’ullarni belgilab, ularni muddatida, sifatli bajarish, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bosh vazir va uning o‘rinbosarlariga o‘n kun muddatda o‘zlari mas’ul bo‘lgan soha va tarmoqlarni raqamlashtirish bo‘yicha joriy va kelgusi yil uchun rejalar ishlab chiqish yuklatildi.

Raqamli iqtisodiyotni joriy etish va unumli ishlatish, albatta, mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois kadrlar tayyorlashga har tomonlama ahamiyat berilmoqda. O‘tgan yili Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan edi. Andijon va Marg‘ilon shaharlarida uning filiallari ochildi. Poytaxtda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida yana bir filial binosi qurilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda axborot texnologiyalarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 205 ta maktab tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Xalq ta’limi vaziriligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilda 14 ta, kelgusi yilda 82 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va IT-parklarda axborot texnologiyalari o‘qituvchilarini tayyorlash hamda ularni sertifikatlashning milliy tizimini joriy qilish muhimligi qayd etildi. Malaka sertifikati olgan o‘qituvchilarga har oyda qo‘shimcha 50 foiz ustama to‘lanadi. Shuningdek, o‘quvchisi “Bir million dasturchi” kursini muvaffaqiyatli yakunlagan maktab o‘qituvchilarini mukofotlash yo‘lga qo‘yiladi.

– Bugun ko‘rib chiqilayotgan masala rivojlanish va xalq hayotini yaxshilash borasidagi ishlarning eng katta zamini, – dedi Prezident. – Buni barcha hudud va tarmoq rahbarlari tushunib, dunyoqarashini o‘zgartirib, aytilgan vazifalar ijrosiga qattiq kirishishlari kerak.

Bosh vazirga muhokama qilingan chora-tadbirlar ijrosini sohalar va hududlar kesimida nazorat qilish topshirildi.

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar raqamlashtirish loyihalaridan xalqqa qanday yengilliklar bo‘lishi borasida axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

26

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing