Raqamlar so‘zlaganda: Tokio Olimpiadasining O‘zbekiston uchun ahamiyati bormi?
Sport
−
16 iyul 2021
7858Olimpiya o‘yinlarida 7-marta ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Tokio Olimpiadasi bir qator qiziqarli faktlar bilan ahamiyatli. Masalan, ilk bor zamonaviy beshkurash sportida Olimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritildi, shuningdek, ayol sportchilar soni 30 nafarni tashkil etmoqda. Bu esa tarixdagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari:
• 2020 yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekistonlik atletlar sportning 17 turida jami 71 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Bu sport turlari soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir;
• Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida birinchi marotaba O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi 3 nafar ayol dzyudochi bilan, shuningdek, dunyodaning eng kuchli 12 jamoasi qatorida aralash jamoaviy yo‘nalishlarda ham ishtirok etadi;
• Birinchi bor zamonaviy beshkurash sport turida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi;
• Boks bo‘yicha ilk marotaba o‘zbekistonlik 3 nafar qiz sportchi bellashuvlarda qatnashadi. Umumiy yo‘llanmalar esa 11 tani tashkil qilmoqda. Sportning ushbu turida butun dunyoda faqatgina 3 ta jamoa shuncha bokschi bilan ishtirok etadi;
• Oksana Chusovitinaning nomi dunyo sport gimnastikasi tarixiga sakkizinchi bor Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan birinchi sport gimnastika ustasi sifatida bitiladi.
• XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qilichbozlik sportida birinchi marotaba 3 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi;
• Og‘ir atletika bahslarida ilk bor 2 nafar qiz sportchi Olimpiada yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi;
• Tayekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida to‘liq tarkibda (2+2) ishtirok etadi;
• Tokio Olimpiadasi o‘yinlarida Olga Zabelinskaya velosport bo‘yicha ayollar o‘rtasida ishtirok etgan dastlabki o‘zbekistonlik sportchi bo‘lib tarixga kiradi;
• Svetlana Radzivil 4 ta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dastlabki yengil atletikachi nomiga sazovor bo‘ladi;
• Delegatsiyaning eng yoshi katta sportchisi — afsonaviy Oksana Chusovitina (1975-yil 19-iyun) 46 yoshida sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmoqda;
• Eng yoshi kichik sportchilar — Zaynab Dayibekova hamda Sevara Safoyeva. Har ikkisi 2002 yilning 19 noyabr sanasida tavallud topgan. Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yo‘nalishida ishtirok etsa, Sevara Safoyeva badiiy gimnastikaning guruh mashqi dasturida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 19 iyul kuni Yaponiyaga jo‘nab ketadi. Bunga qadar boks, dzyudo va tayekvondo terma jamoalari o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarining yakuniy bosqichini o‘tkazish uchun “kunchiqar mamlakat”ga jo‘nab ketgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr