Raisiy yolg‘iz emas. Aviahalokatda o‘lgan “kattalar” orasida kimlar bor?
Tahlil
−
20 may
208891. Shvetsiya bosh vaziri Arvid Lindman (1936)
Shvetsiya kontr-admirali, mamlakatning ikki karra bosh vaziri (1906-1911; 1928-1930) bo‘lgan Salomon Arvid 1936 yilning 9 dekabrida fojiali tarzda vafot etdi. U o‘tirgan Douglas DC-2 samolyoti Buyuk Britaniyaning Kroydon aeroporti yaqinida havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qalin tuman sabab uylar ustiga qulab tushgan. Baxtsiz hodisa oqibatida kontr-admiral 68 yoshida vafot etgan.
2. Paragvay prezidenti Xose Feliks Estigarribiya (1940)
Paragvaylik harbiy ofitser va siyosatchi, Paragvayning 34-prezidenti Xose Feliks Estigarribiya 1940 yil 7 sentyabrda rafiqasi bilan birga samolyot halokatida qurbon bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, prezident Y ko‘lidagi uyida dam olish uchun ketayotgan bo‘lgan. Belgilangan manzilga yaqin joyda uchuvchi qalin tuman sabab yo‘nalishni yo‘qotgan va samolyot halokatga uchragan. Aviahalokat Paragvay poytaxtidan 65 mil sharqda joylashgan Altos va San-Bernardino oralig‘ida sodir bo‘lgan.
3. Filippin prezidenti Ramon Magsaysay (1957)
Filippin davlat arbobi, harbiy gubernator, Filippinning 7-prezidenti Ramon Magsaysay 1957 yil 17 martda C-47 halokatida vafot etdi. Halokat sodir bo‘lgan kuni Visaya universitetida faxriy huquq fanlari doktori unvonini olgan prezident Magsaysay tunda, taxminan soat 1:00 da, Manilaga qaytayotgan samolyotga o‘tirdi. 17 mart kuni erta tongda samolyot yo‘qolgani haqida xabar berildi. Kechga borib, samolyot Sebudagi Manunggal tog‘ida qulagani va prezident halok bo‘lgani xabar qilindi. 25 yo‘lovchidan faqat bir kishi tirik qolgan.
4. Braziliya prezidenti Nereu Ramos (1958)
Braziliyalik siyosiy arbob, vaqtinchalik prezidentlik qilgan Nereu Ramos 1958 yil 16 iyunda vafot etgan. U parvoz etayotgan layner Kuritibaning Parana shtatidagi Afonso Pena xalqaro aeroporti yaqinida qulagan.
5. Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Bartelemi Boganda (1959)
Markaziy Afrika Respublikasi mustaqillik harakatining yirik vakili, mamlakat sobiq bosh vaziri, prezident Bartelemi Boganda 1959 yil 29 martda samolyot halokatga uchrashi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
6. BMT bosh kotibi Dag Xammarsheld (1961)
Shvetsiya davlat arbobi, BMT bosh kotibi Xammarsheld 1961 yil 18 sentyabrga o‘tar kechasi Ndolo (Zambiya) ustida halokatga uchragan. Xammarsheld Kongoning Katanga viloyatiga ayirmachilar yetakchisi Moiz Chombe bilan muzokaralar olib borish uchun yo‘l olayotgan bo‘lgan. Bosh kotib uchgan Douglas DC-6 samolyoti bo‘laklari aeroportdan 15 km uzoqlikda topilgan. Baxtsiz hodisa oqibatida 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, BMT bosh kotibi o‘tirgan samolyot belgiyalik uchuvchi Yan Van Rissegem tomonidan urib tushirilgan.
7. Iroq Prezidenti Abdul Salam Orif (1966)
1966 yil 13 aprelda Iroq Harbiy-havo kuchlarining de Havilland DH.104 Dove 1 yo‘lovchi samolyoti (RF392) Iroq janubidagi Basra aeroportidan 10 km uzoqlikda qulab tushdi. O‘sha bortda mamlakat prezidenti Abdul Salam Orif ham bo‘lgan va vafot etgan. Ba’zi versiyalarga ko‘ra, falokatga Baas partiyasiga xayrixoh bo‘lgan harbiy xizmatchilar tomonidan qilingan sabotaj sabab bo‘lgan.
8. Braziliya prezidenti Humberto de Alenkar Kastelo Branko (1967)
Braziliyaning 26-prezidenti va sobiq harbiy diktaturaning asosiy arbobi Umberto de Alenkar 1967 yil 18 iyulda vafot etgan. Fojia Kastelo Brankoning prezidentlik muddati tugaganidan ko‘p o‘tmay, Piper PA-23 Aztec samolyoti Braziliya havo kuchlarining Lockheed T-33 samolyoti bilan havoda to‘qnashib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan.
9. Boliviya prezidenti Rene Barrientos (1969)
1969 yil 27 aprelda Boliviya prezidenti Rene Barriendos Ortunyo Arke aholi punkti (Boliviyaning markaziy qismidagi Kochabamba departamenti) yaqinida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, vertolyot elektr simi bilan to‘qnashib ketgan.
10. Yugoslaviya bosh vaziri Jemal Biedich (1977)
1977 yil 18 yanvarda Yugoslaviya Bosh vaziri Jemal Biedichning Learjet 25 samolyoti Bosniya va Gersegovinaning Kresevo shahri yaqinidagi Inak tog‘iga qulab tushdi. Baxtsiz hodisada Bidjedich, uning rafiqasi va yana olti kishi halok bo‘lgan.
11. Mavritaniya bosh vaziri Ahmad Uld Bousseif (1979)
1979 yil 27 may kuni Afrika sammitida ishtirok etmoqchi bo‘lgan Mavritaniya bosh vaziri Ahmad Uld Bousseif bo‘lgan samolyot Dakar qirg‘oqlari yaqinida qulab tushdi. Buseyf baxtsiz hodisada vafot etdi.
12. Portugaliya bosh vaziri Fransisko Sa Karneyru (1980)
1980 yil 4 dekabrda Portugaliya bosh vaziri Fransisko Sa Karneyro va mudofaa vaziri Adelino Amaro da Kostaning samolyoti havoga ko‘tarilishidan so‘ng poytaxt Lissabonda qulashi oqibatida halok bo‘ldi.
13. Ekvador prezidenti Xayme Roldos Agilera (1081)
1981 yil 24 mayda Ekvador prezidenti Xayme Roldos Agilera va mudofaa vaziri general-mayor Marko Subia Martines Peru chegarasi yaqinida samolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan.
14. Panama prezidenti Omar Torrixos (1981)
1981 yil 31 iyulda Panama prezidenti Omar Torrixos o‘zi boshqarayotgan kichik samolyot o‘rmonga qulashi oqibatida vafot etgan.
15. Mozambik prezidenti Samora Machel (1986)
1986 yil 10 oktabrda Mozambik prezidenti Samora Machel va bir qancha mozambiklik vazirlarni olib ketayotgan ikki dvigatelli samolyot Mozambik-Janubiy Afrika chegarasi yaqinida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida 33 kishi, jumladan, Makhel, ba’zi vazirlar va Mozambik hukumatining yuqori lavozimli amaldorlari halok bo‘ldi. Halokatdan keyin olib borilgan tergov davomida uchuvchi aybdor deb topilgan.
16. Livan bosh vaziri Rashid Karami (1987)
1987 yil 1 iyunda Livan Bosh vaziri Rachid Karami Bayrutga ketayotgan vertolyotda bomba portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Bosh vazir o‘rindig‘ining orqasiga o‘rnatilgan og‘irligi taxminan 300 gramm bo‘lgan masofadan boshqariluvchi bomba parvoz boshlanganidan ko‘p o‘tmay portlagan.
17. Pokiston prezidenti Ziyo-ul-Haq (1988)
1988 yilning 18 avgustida Pokiston prezidenti Ziyo-ul-Haq, uning besh nafar generali va AQSH elchisi Arnold Lyuis Rafel bo‘lgan C-130 harbiy samolyoti poytaxt Islomoboddan 530 kilometr janubda joylashgan Bahavalpur yaqinida halokatga uchradi. Baxtsiz hodisa oqibatida hech kim omon qolmagan.
18. Burundi prezidentlari Kiprien Ntaryamira va Ruanda Juvenal Xabyarimana (1994)
1994 yil 6 aprelda Ruanda Prezidenti Juvenal Xabyarimana va Burundi Prezidenti Kiprien Ntaryamira bo‘lgan samolyot Ruandaning Kigali shahriga qo‘nishga tayyorlanayotganda “yer-havo” raketalari bilan urib tushirildi. Bortdagi 12 kishining barchasi halok bo‘lgan.
19. Makedoniya prezidenti Boris Traykovski (2004)
2004 yil 26 fevralda Makedoniyaning ikkinchi prezidenti Boris Traykovski va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiya bo‘lgan samolyot Bosniya va Gertsegovinaning Mostar shahri yaqinida qulab tushdi. Hodisa oqibatida sakkiz kishi, jumladan Traykovski va uning maslahatchilari halok bo‘lgan. Samolyot halokatiga uchuvchining xatosi sabab bo‘lgan.
20. Polsha prezidenti Lex Kachinski (2010)
2010 yilning 10 aprelida Polsha prezidenti Lex Kachinski va uning rafiqasi bo‘lgan 96 kishi bo‘lgan Tu-154 samolyoti Rossiyaning Smolensk aeroportiga qo‘nayotganda halokatga uchradi. Prezident va uning delegatsiyasi Katin qurbonlari xotirasiga motam marosimida ishtirok etishi kerak edi. Samolyot qo‘nayotganda o‘rmonga qulab tushdi. Falokatga uchuvchilarning xatolari va parvozni tashkil etishdagi kamchiliklar sabab bo‘lgan.
21. Chili prezidenti Sebastyan Piner (2024)
2024 yilning 5 fevralida Chili sobiq prezidenti Sebastyan Pinera va uning hamrohlari bo‘lgan Robinson R-66 vertolyoti Los-Rios mintaqasidagi Ranko ko‘liga quladi. Vertolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay kuchli yomg‘ir va qalin tuman sabab halokatga uchragan. Uch kishi ko‘lga sakrab, qirg‘oqqa yetib olishga muvaffaq bo‘lgan, biroq prezident Piner xavfsizlik kamarini bo‘shatolmagani uchun halok bo‘lgan.
22. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy (2024)
Siyosatchi, Eronning 8-prezidenti Ibrohim Raisiy 2024 yilning 19 may kuni aviahalakot natijasida vafot etdi. Vertolyotda Raisiy bilan birga Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eronning IRNA agentligi xabar berishicha, vertolyotning qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi